2021-yilda IIOning 89 nafar xodimi tomonidan 119 ta korrupsion jinoyatlar sodir etilgan

    Bu haqda Ichki ishlar vazirligida “Yangi Oʻzbekistonni korrupsiyadan holi mamlakatga aylantirishda birlashaylik!” mavzusida boʻlib oʻtgan anjumanda maʼlumot berildi.

    Tadbirda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, IIV tizimida sodir etilgan korrupsion holatlar tahlil qilinib, ushbu illatga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilishi lozim boʻlgan taʼsirchan choralar muhokama qilindi.

    Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi qonuni va ichki ishlar organlarining faoliyatini tartibga soluvchi bir qator qaror va farmonlar qabul qilinib, tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlarning ijtimoiy va moddiy taʼminotida ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirildi. Biroq, shunga qaramasdan, oʻtgan davr mobaynida IIOlari tomonidan pora olish, pora olish va berishda ishtirok etish, firibgarlik, mansab soxtakorligi kabi korrupsion holatlar sodir etilgan.

    Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2021-yilda kelib tushgan jami 4 901 ta murojaatning 343 tasi yoki 7 foizi ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari va qarorlaridan norozi boʻlgan holda yuborilgan murojaatlarni tashkil qiladi.

    Tahlillarga koʻra, 2020-yilda ichki ishlar organlarining 46 nafar xodimi korrupsion jinoyatlar sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. 2021-yilda esa bu koʻrsatkich deyarli 2 baravarga ortib, 89 nafar xodim tomonidan 119 ta korrupsion jinoyatlar sodir etilgan.

    Tadbirda respublikadagi kriminogen vaziyati murakkab boʻlgan hududlarning huquq-tartibot idoralari faoliyatini oʻrganish maqsadida aholi oʻrtasida anonim tarzda oʻtkazilgan soʻrov xususida ham toʻxtalib oʻtildi.

    Mazkur soʻrovnomada jami 5883 nafar fuqaro va 4067 nafar IIOlari xodimlari ishtirok etdi. Aholining barcha qatlamlarini qamrab olish maqsadida soʻrovnoma har bir hududdagi korxona, idora va tashkilotlar, oliy oʻquv yurtlari, tibbiyot muassasalari, mahallalar hamda aholi koʻp toʻplanadigan joylarda oʻtkazildi. Soʻrov asosida huquq-tartibot idoralaridagi korrupsiyaviy holatlarga sabab boʻluvchi omillar aniqlandi.

    Anjumanda ularning har biri atroflicha tahlil qilindi, shuningdek, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni ishlab chiqish choralari koʻrilayotgani qayd etildi, deb xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati