Korupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini takomillashtirish boʻyicha oʻtgan vaqt davomida Agentlik tashabbusi bilan 26 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilgan boʻlib, hozirda ushbu hujjatlardan 8 tasi qabul qilingan. Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga asosan “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz hudud” loyihalari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlar va sohalar kesimida 50 dan ortiq oʻrganishlar va tekshiruvlar oʻtkazildi. Ushbu tadbirlar davomida aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinib, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan umumiy 49 ta jinoyat ishi va 24 ta maʼmuriy ishlar qoʻzgʻatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 3-bandida, 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilangan.
Ushbu vazifa ijrosi toʻgʻrisida BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari bilan hamkorlikda ISO 37001:2016 xalqaro standart talablariga muvofiq, ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini samarali tashkil etish uchun 10 ta ichki idoraviy hujjatlar namunalari ishlab chiqilib barcha davlat tashkilotlariga yuborildi. Ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, korrupsiyaga qarshi ichki idoraviy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etishga doir koʻrgazmali taqdimotlar, oʻquv seminarlar uyushtirildi.
Tahlillarga koʻra, 2021-yilning oʻtgan 12 oyi mobaynida 6 294 nafar shaxslar tomonidan 7 953 ta korrupsion holatlar bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilgan. Shundan, davlat organlari va tashkilotlari zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq holda 3 050 nafar shaxslar tomonidan 4 186 ta korrupsion holatlar bilan bogʻliq jinoyatlar hisobga olingan.