2021/2022 oʻquv yili qabulidagi test sinovlarida oliy va professional taʼlim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar uchun cheklanmagan miqdorda taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqini yaratiladi.
Bunda toʻplagan ballari bilan tanlov bosqichida abituriyent avvalgidek 5 tagacha emas, balki test sinovi topshirgan fanlar majmui mos keladigan cheklanmagan miqdorda taʼlim yoʻnalishlarini tanlashi mumkin boʻladi va oʻqishga kirish imkoniyati keskin oshadi.
Avvalo aytish kerakki, 3 yil oldin, 2018-yilgacha abituriyentlar bor-yoʻgʻi faqat bitta taʼlim yoʻnalishini tanlashi mumkin edi. 2019-yilda bu koʻrsatkich 3 ta ni, 2020-yilda esa 5 tani tashkil etdi. Bunda avvalo “cheksiz tanlov” iborasi xohlagan taʼlim yoʻnalishini tanlashni anglatmaydi va bunday oʻzgarishni joriy etish uchun test sinovi topshiriladigan fanlarga, ularning ketma-ketligidan qatʼi nazar, bir xil ball berilishi talab etiladi.
Kengroq tushuntirilganda, “cheksiz tanlov” faqat test sinovi topshiriladigan fanlari bir xil boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari doirasida amal qiladi, deydi DTM rahbari Majid Karimov.