2022-yil uchun oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga qabul kvotalari 3600 taga oshirildi

    Fan 24 Sentabr 2021 3875

    Bu haqda AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova maʼlum qildi.

    Joriy yilning 22-sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2022-yil uchun stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktorantura va maqsadli doktoranturaga qabul kvotasi eʼlon qilindi.

    2022-yil uchun oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga qabul kvotalari 2 baravarga oshirilib, 3600 taga yetkazildi. 2019-yildagiga nisbatan esa 3.2 barobarga oshirildi. Taʼkidlash joizki, 2021-yilda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga qabul kvotalari 1800 ta boʻlgan edi.

    Kvotalar quyidagi mezonlarga asosan taqsimlandi:

    - 2021-yilda ajratilgan qabul kvotalarining tahlili;

    - Prezident Farmon va qarorlari, bayon topshiriqlari, Hukumat qarori, bayon topshiriqlari hamda ustuvor yoʻnalishlar;

    - hududlarda soha va tarmoqlardagi ilmiy-pedagogik kadrlarga boʻlgan ehtiyojlar;

    - yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga boʻlgan ehtiyojlar;

    - taʼlim olayotgan doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar kontingenti;

    - ilmiy rahbarlar va ilmiy konsultantlarning samarali ishlari;

    - Akkreditatsiyadan oʻtgan ixtisosliklar boʻyicha;

    - Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini ilmiy darajali kadrlar tayyorlash institutining attestatsiya natijalari.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi 4996-sonli qarori ijrosi yuzasidan Sunʼiy intellekt sohasida tayanch doktorantura va stajyor-tadqiqotchilikka jami 28 ta maqsadli kvotalar ajratildi. Jumladan, tayanch doktoranturaga 14 ta, stajyor-tadqiqotchilikka 14 ta. Shundan, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt ixtisosligi boʻyicha 4 ta tayanch doktoranturaga, 6 ta stajyor-tadqiqotchilikka maqsadli kvotalar ajratildi.

    Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida joylashgan oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish uchun respublikaning yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot institutlarida 2022-yilda maqsadli doktoranturaga jami 67 ta qabul kvota ajratildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi Mahalla va oila ilmiy-tadqiqot instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markaziga birinchi marta doktoranturaga qabul kvotalari ajratildi.

    Bunda Mahalla va oila ilmiy-tadqiqot institutiga berilgan kvota xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ajratildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-son qarori bilan Hukumatning 2017-yil 22-maydagi 304-son qaroriga oʻzgartirish kiritildi. Unga koʻra Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimida ilmiy va taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan qatʼiy ravishda kelishgan holda ilmiy va taʼlim tashkilotlari kesimida akkreditatsiyadan oʻtgan ixtisosliklar boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlarining samaradorlik koʻrsatkichlariga asosan qabul kvotasini tasdiqlashi keltirilgan.

    Oshkoralik tamoyillariga asosan, shuningdek, boʻlajak doktorantlarning istaklarini inobatga olgan holda, joriy yilda ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimida davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga oʻqitish boʻyicha 2022-yil uchun qabul kvotalarining ilmiy va taʼlim tashkilotlari boʻyicha ixtisoslik kesimida taqsimoti ham ilk bora keng jamoatchilikka eʼlon qilindi. Taqsimot bilan vazirlik veb-saytida tanishishingiz mumkin.

    Davlat byudjetidan ilmiy va taʼlim tashkilotlari akkreditatsiyadan oʻtgan ixtisosliklar boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlarining samaradorlik koʻrsatkichlariga asosan taqsimlangan qabul kvotalaridan ortib qolgan oʻrinlar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qayta taqsimlanadi.