2022-yilda 63 094 nafar o‘qituvchi ixtiyoriy mustaqil kurslarda yangi bilimlarni egalladi

    Bugungi taraqqiyot tendensiyalari o‘qituvchidan doimiy o‘z ustida ishlashni, kasbiy rivojlanishni talab etmoqda.

    Bugun ta’lim muammosi deyilganda faqat o‘qituvchiga yuzlanyapmiz, o‘z ustida ishlamaydigan ustozlar to‘g‘risida gapiryapmiz. Vaholanki, tizimda o‘z kasbini sevadigan, fidoyi, doimiy o‘z ustida ishlaydigan o‘qituvchi ustozlar ham talaygina.

    Bunga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutining “Uzluksiz kasbiy ta’lim” platformasida tashkil etilgan mustaqil kurslar statistikasini misol qilish mumkin.

    Bugungi kunga qadar ushbu kurslardan 63 094 nafar o‘qituvchi foydalangan va o‘zining kasbiy bilimini oshirgan. Ushbu ommabop kurslar hamma uchun ochiq hisoblanib, platformadan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz bemalol siz ham kurslar bilan tanishishingiz va yangi bilim ko‘nikmalarga ega bo‘lishingiz mumkin.

    Platformada o‘qituvchilar uchun "Ommabop kurslar" ruknida mustaqil ixtiyoriy kurslar tashkil etilgan bo‘lib, bunda o‘qituvchilar o‘z fanlari doirasida malaka toifa olish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishlari, yangi zamonaviy bilim ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari mumkin.

    “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasida 2022-yilda jami 18 ta ommabop kurslar tashkil etildi. Ushbu ommabop kurslarga 418 ta videodars, 43 ta taqdimot, 43 ta ma’ruza va 284 ta nazorat savollari joylashtirilgan.

    Shuningdek, Cambridge tajribasi asosida trenerlar tayyorlash va maktab o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish kursini ham hozirgacha 101 879 nafar pedagoglar o‘qib tugatgan.