—O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korruptsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini yo'lga qo'yish belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosini o'z vaqtida va sifatli ta'minlash maqsadida tuzilmasida korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi joriy etilishi lozim bo'lgan 100 dan ortiq vazirlik va idoralarda, shuningdek Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyat hokimliklarida korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etildi.
Hozirda tuzilmasida korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etilayotgan vazirlik va idoralarga hamda hokimliklarga tuzilma faoliyatini samarali tashkil etish, ularni zaruriy ma'lumotlar bilan ta'minlash bo'yicha amaliy yordam ko'rsatilib, tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini samarali yo'lga qo'yish maqsadida Agentlik direktorining 2021-yil 6-sentyabrdagi buyrug'i bilan “Korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to'g'risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi va davlat ro'yxatidan o'tkazildi.
Aytish joizki, mazkur nizom bugungi kunda ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini samarali tashkil etishda muhim huquqiy asos va qo'llanma vazifasini bajarmoqda. SHuningdek, Agentlik mas'ul xodimlari Korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari rahbar lavozimlariga ishga qabul qilish bo'yicha o'tkaziladigan ochiq tanlovlarda ishtirok etib, jarayonlarning ochiq va shaffof tarzda o'tkazilishini ta'minlab kelmoqda.
Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarda korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini samarali tashkil etish, korruptsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda zamonaviy mexanizmlarni joriy etishga ko'maklashish maqsadida xalqaro standartlar asosida 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar namunalari ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralarga yuborildi.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarida ushbu tuzilmalar faoliyatining samaradorligini baholab borish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat organlari va tashkilotlarida korruptsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu qarorga asosan, 2022-yildan boshlab har yili davlat organlari va tashkilotlari tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali yo'lga qo'yilganlik holatini baholaydigan tizim ishga tushirilishi ko'zda tutilgan.