Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Gulnoza Sharofova ishtirokida brifing tashkil etildi.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, shaharlar bosh rejasini ishlab chiqishda seysmik mikrohududlashtirish katta oʻringa ega boʻlib, bu nafaqat seysmobardosh bino-inshootlarni loyihalash va qurish, balki shaharni seysmik darajasi pastroq hududlarda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish imkonini beradi. 

Faktlarga nazar tashlasak, bugungi kunga qadar Oʻzbekistondagi 27 ta yirik shahar va tumanlar seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga ega. Yaʼni 1785 kv.km hudud seysmik darajasi 9 ballgacha va undan yuqori boʻlgan mikrohududlarga ajratilgan va ular shaharlarni ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishida muhim oʻrin egallagan.  

Ammo bu xaritalar 40 yil avval tuzilgani sababli va zamonaviy qurilish texnologiyalari talabiga javob bermagani uchun ham bugun olimlarimiz tomonidan ularning zamonaviy ilmiy qarashlarga asoslangan holda takomillashtirilgan seysmik mikrohududlashtirish texnologiyasi ishlab chiqildi va u amaliyotga joriy etildi.  

Oʻtgan 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti olimlari tomonidan respublikamizning 584.85 km2-maydoni, yaʼni 3 ta yirik shaharlari Andijon, Namangan va Fargʻonaning seysmik mikrohududlashtirish onlayn xaritalari yaratildi.  

Joriy yilda esa olimlar tomonidan 15 ta yirik shaharlar: Toshkent, Buxoro, Samarqand, Karshi, Jizzax, Guliston, Termiz, Nurafshon, Olmaliq, Zarafshon, Shahrisabz, Chirchiq, Yangiyer, Yangiyoʻl shaharlari umumiy maydoni qariyb 2100 kv.km boʻlgan hududda seysmik mikrohududlashtirish ishlari olib borilmoqda. 

Olingan natijalar, yaʼni shaharlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalari Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, loyihalash va qurilish tashkilotlari faoliyatida keng qoʻllaniladi. Seysmik mikrohududlashtirish xaritalaridan foydalanishda qoʻlayliklar yaratish maqsadida vazirlikning elektron platformasida raqamlashtirilgan xaritalar joylashtirib borilmoqda.