Oʻtgan 1 chorak davomida jamgʻarma hisobiga 92 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yigʻildi. Jumladan, sud hujjatlari ijrosi boʻyicha salkam 40 milliard soʻm, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablagʻlari hisobidan esa 11 milliard soʻmdan ziyodroq mablagʻ jamgʻarma hisob raqamiga kelib tushdi. Shuningdek, mahalliy byudjet daromadlarining rejadan ortiq bajarilishidan tushgan mablagʻlar 40 milliard 590 million soʻmni tashkil etdi.
Oʻtgan bir chorak davomida Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarori asosida qaryib 35 ming oilaga 44 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarf etildi. Jumladan, salkam 10 ming aholiga kundalik isteʼmol mahsulotlarini sotib olish uchun 3 milliard soʻmga yaqin mablagʻ ajratilgan boʻlsa, 1389 oilaga 3 milliard 669 million soʻmlik dori-darmon vositalari olib berildi. Bundan tashqari, qariyb 16 ming oilaga 30 milliard soʻmdan ziyod moddiy yordam ajratildi.
Jamgʻarmaga kelib tushayotgan mablagʻlar mahallalarda tashkil etilgan “Temir daftar” va “Ayollar daftar”iga kirgan fuqarolarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Oʻtgan 1 chorak davomida “Temir daftar”ga kirgan 25 ming nafardan fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga salkam 45 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Jumladan, “Temir daftar”ga kirgan ishsiz fuqarolarning oʻzini-oʻzi band qilishi uchun 15 milliard soʻmdan ziyod, ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun 14 milliard, sogʻligigʻini tiklash uchun esa 10 milliard soʻmga yaqin malbagʻ ajratildi. Bundan tashqari, salkam 12 ming nafar “Temir daftar”ga kirgan fuqarolarni kundalik isteʼmol mahsulotlarini xarid qilish uchun 3 milliard soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirildi. Ularning farzandlarini umumtaʼlim muassasalaridagi kuni uzaytirilgan guruhlarda oʻqishini taʼminlash uchun esa 1 millard soʻmdan ziyod mablagʻ sarf etildi.
“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari “Ayollar daftari”ga kirgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashda ham muhim moliyaviy manba boʻlib xizmati qilayotir. Oʻtgan bir chorak davomida mazkur daftarga kirgan 3 ming nafardan koʻproq xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 6 milliard soʻmdan koʻproq mablagʻ yoʻnaltirildi. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ishsiz 308 nafar xotin-qizni oʻzini-oʻzi band qilishi uchun 1 milliard 139 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. 1282 nafar ayollarni moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun 2,5 millard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi. “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarning sogʻligʻini tiklash uchun 1 chorakning oʻzida 1 milliard 400 million soʻmga yaqin pul ajratildi.
“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan kam taʼminlangan oilalarga mablagʻ ajratish xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarori bilan amalga oshirilmoqda. Jamgʻarma mablagʻlarini mahalliy kengashlarning qarorisiz ajratishga yoʻl qoʻyilmaydi.