O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 24 maydagi “Aholining ichimlik suv ta'minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qaroriga asosan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste'molchilar tomonidan hududiy suv ta'minoti korxonalariga masofadan ma'lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o'rnatilishi belgilab qo'yilgan. Shuningdek, tadbirkorlarga engillik yaratish maqsadida suv hisoblagichlarni o'rnatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha soliq imtiyozlari beriladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab masofadan ma'lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarni o'rnatmagan yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste'molchilarga ichimlik suv ta'minoti va oqova suv xizmatlari uchun suvni hisobga olish uskunasi bilan ta'minlanmagan iste'molchilar sifatida hisob-kitob amalga oshirilishi ma'lum qilindi. Ayni paytda tegishli tashkilotlar tomonidan sovuq va issiq suvni hisobga olish uskunalarining turlariga nisbatan texnik talablar ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Texnik talablar “O'zsuvta'minot” AJ veb-saytining (www.uzsuv.uz) normativ hujjatlar bo'limiga joylashtirildi. 2023 yildan boshlab xorijiy hamda mahalliy suv hisoblagich ishlab chiqaruvchilar ushbu texnik talablar asosida suv hisoblagich uskunalarini taklif etishlari mumkin bo'ladi.
Bugungi kunda ayni yo'nalishda yuridik iste'molchilardan kelib tushayotgan asosiy savollar quyidagicha:
Savol: 2023 yildan boshlab ichimlik suvi uchun to'langan puli tugasa avtomatik masofadan o'chiriladigan suv hisoblagich o'rnatiladimi?
Javob: Yo'q. Suv hisoblagich turiga nisbatan tasdiqlangan texnik talablarga asosan, istalgan turdagi zamonaviy, masofadan ma'lumot uzatuvchi qurilmaga ega bo'lgan elektromagnitli, ultratovushli yoki mexanik suv hisoblagich uskunalarini o'rnatish mumkin.
Savol: Yuridik tashkilotlar aynan bir turdagi, bitta ishlab chiqaruvchiga tegishli suv hisoblagichlarni xarid qilishi kerakmi? Tartibi qanday?
Javob: Suv ta'minoti tizimida shaffoflikni ta'minlash hamda korruptsion holatlarni oldini olish maqsadida qarorda belgilangan talablar asosida ishlab chiqarilgan (xorijiy yoki mahalliy) suv hisoblagichlari o'rnatilishi mumkin.
Ayni mavzuda va suv ta'minoti tizimidagi muammolar yuzasidan “O'zsuvta'minot” AJning respublika uchun yagona sanalgan 12-55 qisqa raqamiga qo'ng'iroq qilishingiz mumkin.