2023-yilning 10 oyi davomida O'zbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar soni 4,9 million nafarga yetdi. Shuni ta'kidlash lozimki, oxirgi uch yilda turistlar oqimi qariyb 3 barobar ko'paydi, ya'ni 2021-yilda xorijlik sayyohlar soni 1,8 million nafarni tashkil qilgandi.
Ma'lumot uchun: 2023-yilda O'zbekiston Amerikaning Travel Lemming onlayn sayohat qo'llanmasida dunyodagi 50 ta eng yaxshi sayyohlik yo'nalishi ro'yxatidan joy oldi va 9-o'rinni egalladi. Ushbu qo'llanma har yili dunyo bo'ylab yangi yo'nalishlar va o'ziga xos noyob maskanlar haqida ma'lumot beradi va uni 6 milliondan ko'proq sayohatchi o'qiydi.
2023-yilning 10 oyi davomida turizm xizmatlari eksporti 1 milliard 830 million dollarni tashkil etgan. Bu ko'rsatkich 2018-yilda 1 milliard 041,1 million dollarni tashkil etgandi. 2023-yilda sayyohlar sonining sezilarli darajada oshishi hisobiga turizm xizmatlari eksporti 2 milliard dollarga etishi kutilmoqda.
Ma'lumot uchun: Dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari O'zbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin. Taqqoslaydigan bo'lsak, Qozog'istonga 26 ta, Turkiyaga 41 ta, Gruziyaga esa 56 ta mamlakat fuqarolari vizasiz kela oladi.
Qayd etilayotgan natijalar sohaning salohiyati katta ekanligidan dalolat beradi. Shu bois sohada infratuzilma ob'ektlarini yanada ko'paytirish va ichki turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanishga e'tibor qaratilmoqda.
O'zbekistonda ichki turizmning rivojlanishini baholash maqsadida MHTI mutaxassislari tomonidan onlayn so'rov o'tkazildi va unda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan 1282 nafar respondent ishtirok etdi. So'rov natijalari mamlakatimiz bo'ylab amalga oshirilayotgan sayohatlarning deyarli 50 foizi 4 ta hudud, ya'ni Samarqand (15,8 foiz), Buxoro (9,4 foiz), Toshkent (10,6 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (11,4 foiz) ning hissasiga to'g'ri kelishini ko'rsatdi.
Shuningdek, sayohatni qaysi ko'rinishda amalga oshirasiz, degan savolga respondentlarning 81,2 foizi “mustaqil ravishda”, 15,5 foizi “ish joyidan uyushtirilgan holda”, 2,4 foizi “turoperatorlar yordamida”, deya javob bergan. So'rov hamyurtlarimiz sayohatga asosan shaxsiy avtomobili (56,8 foiz) va poyezd (17,3 foiz) da chiqishini ko'rsatdi.
MHTI mutaxassislari tomonidan o'tkazilgan so'rov natijalaridan kelib chiqib, ichki turizmni yanada rivojlantirish uchun quyidagi takliflarni bildirish mumkin:
- “Turistik mahalla”, “Turistik hudud” maqomiga ega aholi punktlarining reestrini shakllantirish va elektron platformani ishlab chiqish;
- asosiy turistik salohiyatdan kelib chiqqan holda har bir hududning o'z brendini shakllantirish.
Ma'lumot uchun: Respublikaning turistik salohiyatini targ'ib qilish va turistlar oqimini yanada oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasining 28 ta xorijiy davlatdagi diplomatik vakolatxonalariga mablag' ajratildi, shuningdek, joriy yilning 10 oyi davomida 16 ta xalqaro turistik yarmarkada milliy turizm stendi va tadbirkorlik subyektlari ishtiroki ta'minlandi.