2024-yilda maksimal havo harorati ko'rsatkichlari soni bo'yicha rekord qayd etildi

    2024-yil butun dunyo bo'ylab qayd etilgan maksimal haroratlar soni bo'yicha rekord yil bo'ldi. 15 ta davlatda havoning harorati maksimal darajaga yetdi.

    Bu haqda Buyuk Britaniyaning The Guardian gazetasi iqlimshunos Maksimiliano Erreraga tayanib xabar berdi.

    “Ushbu ekstremal issiq bilan bog'liq hodisalar soni avval sodir bo'lganlardan o'zib ketdi. 2024-yilning fevralidan iyuligacha bo'lgan davr barcha statistik ko'rsatkichlar bo'yicha rekord o'rnatdi”, dedi u nashrga bergan intervyusida.

    Yil boshidan buyon dunyoning 15 ta davlatida harorat maksimallari qayd etildi, turli mamlakatlarda esa 130 oylik issiqlik rekordlari yangilandi. Jumladan, gazetaning qayd etishicha, joriy yilda Meksikada maksimal havo harorati Selsiy bo'yicha 52, Misrda 50,9, Malida esa 48,5 darajaga yetdi.

    Mutaxassisning so'zlariga ko'ra, avvalgi haddan tashqari issiq harorat inson faoliyati oqibatida yuzaga kelgan global isish va El-Nino tabiat hodisasi – Tinch okeanidagi suvning yuqori qatlamining keskin isishi ta'siridan kelib chiqqan. Bu yil El-Nino effekti o'z kuchini yo'qotmoqda, ammo shunga qaramay, harorat rekordlari soni faqat oshdi, deb xabar beradi tass.ru.