2024-yilga borib tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari yagona platformaga ulanadi

    Raqamlashtirish 1 Mart 2021 1341

    Tibbiyot sohasini raqamlashtirish koʻlamini kengaytirish maqsadida joriy etilayotgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni oʻzida qamrab oluvchi sogʻliqni saqlash axborot tizimining Yagona platformasi joriy etiladi.

    Bu haqda Prezidentimizning shu yil 23-fevralda qabul qilingan “Sogʻliqni saqlash sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab berilgan.

    Qarorga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatimizdagi barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, shu jumladan, dorixonalar bosqichma-bosqich Yagona platformaga ulanadi.

    Sogʻliqni saqlash sohasidagi axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish majburiy tarzda tizimdagi raqamlashtirish jarayonlariga masʼul tashkilot “IT-Med” bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

    Yagona platformani oʻz vaqtida, toʻlaqonli va sifatli joriy qilish, masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar bilan joriy etilayotgan loyihalarni muvofiqlashtirish va raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish maqsadida investorlar jalb etilishi ham mumkin.

    Ikki yil ichida aholi va tizim foydalanuvchilari tomonidan interaktiv tibbiy xizmatlarni olish imkonini beruvchi maxsus dastur va mobil ilovalarni ishlab chiqish nazarda tutilgan.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.