2025-yil yanvar oyida Oʻzbekistonda inflyatsiya darajasi 0,72 foizni tashkil etdi

    Mamlakatimizda 10 Fevral 2025 3252

    Prezident huzuridagi Statistika agentligining xabar berishicha, 2025-yil yanvar oyida Oʻzbekistonda inflyatsiya darajasi 0,72 foizni tashkil etdi. Bu 2024-yil yanvar oyidagi koʻrsatkichdan (0,64 foiz) yuqori, lekin 2023-yil yanvar oyidagi inflyatsiya darajasidan (0,82 foiz) past.

    Yillik inflyatsiya 2024-yilning yanvariga nisbatan 9,89 foizgacha tezlashdi. Yilning birinchi oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,8 foizga (soʻnggi bir yil davomida 2,6 foizga), nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,3 foizga (7,7 foiz), pullik xizmatlar narxi 1,1 foizga (27 foiz) oshdi.

    Yanvar oyida narx oʻsishi asosan quyidagi isteʼmol mahsulotlarida kuzatildi: suyakli mol goʻshti — 1,1 foiz (soʻnggi bir yilda 14,8 foiz), qoʻy goʻshti — 1,2 foiz (16,2 foiz), kungaboqar yogʻi — 2,2 foiz (18,1 foiz), paxta yogʻi — 1,9 foiz (19,5 foiz), sut — 0,3 foiz (0,8 foiz).

    Soʻnggi bir oyda tuxum narxi keskin — 14,3 foizga (-22,4 foizga) pasaydi, guruch va guruch oqshogʻi — 1 foizga (-6,9 foiz), tovuq goʻshti — 0,1 foizga (-2,1 foiz), shakar — 0,7 foizga (-4,1 foiz) arzonladi.
    Kartoshka narxi 23,9 foizga, piyoz 3,4 foiz, sabzi 2,9 foiz, baqlajon 59,6 foiz, bulgʻor qalampiri 13,2 foiz, limon 7,9 foizga, karam 6,9 foiz, banan 6,5 foizga oshdi. Pomidor (-1,1 foiz) va bodring (-1,7 foiz) arzonladi.

    Soʻnggi 12 oy davomida kartoshka 68,1 foizga, sabzi 24,1 foizga, karam 13,1 foizga, piyoz 1,9 foizga qimmatlagan. Shu vaqt ichida bodring narxi 21,7 foizga, pomidor 36,9 foizga, olma 14,4 foizga arzonlagan. Yanvar oyida alkogolli ichimliklar 0,4 foizga (yil davomida 10 foizga), tamaki mahsulotlari 0,7 foizga (11,8 foiz) qimmatladi.

    Yanvar oyida tariflarning oshishi kommunal xizmatlarning asosiy turlaridan faqat chiqindilarni olib ketish xizmatlarida (4,6 foiz) qayd etildi. Turar joylarga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun materiallar, shuningdek, taʼmirlash boʻyicha xizmatlar narxida biroz oʻsish kuzatildi (0,1−0,3 foiz).

    Yillik inflyatsiya gaz (2,3 baravar oʻsish) va elektr energiyasi (1,7 baravar oʻsish) bilan taʼminlash xizmatlarida boʻlib qolmoqda. Dori-darmonlar narxi yanvar oyida yana 0,7 foizga, yil davomida esa 25,2 foizga, jumladan antibiotiklar narxi 28 foizga oshgan. Statsionar davolanish xizmatlari yillik hisobda 13,5 foizga qimmatladi.

    Xabarda qayd etilishicha, oʻtgan oyda avtomobillar uchun yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan gaz narxida pasayish kuzatilgan. Propan narxi 13,2 foizga pasaygan (yillik hisobda 8,3 foizga oshgan). Metan narxi esa 0,1 foizga arzonlagan (yil davomida 20,9 foizga oshgan). Benzin narxi bir oy ichida 1,5 foizga (yillik hisobda 3,9 foizga) oshdi. Qimmatbaho metallardan yasalgan nikoh uzuklari yana 3,8 foizga qimmatladi.

    Yillik hisobda poyezdlar uchun chipta narxi oʻrtacha 13,2 foizga (yanvarda — 0,9 foizga), taksilarda yoʻlkira narxi 12,1 foizga oshgan, aviachiptalar esa 0,8 foizga arzonlagan. Yanvar oyida gazeta va davriy jurnallar narxi oʻrtacha 15,3 foizga oshdi. Kinoteatr xizmatlari narxlari 3,7 foizga (yil davomida 20,5 foizga), teatr xizmatlari narxlari 3 foizga (yillik hisobda 12,6 foizga) oshdi. Madaniyat va istirohat bogʻlari xizmatlari yil davomida 22,4 foizga qimmatladi.

    Davlat bogʻchalari xizmatlari narxi bir oy davomida 21 foizga (yil davomida 45,2 foiz), xususiy bogʻcha xizmatlari narxi 1,1 foizga (11,3 foiz), repetitorlik xizmatlari narxi 1 foizga (16,2 foiz) oshgan.

    Yanvar oyida mehmonxona xizmatlari sohasida narxlarning oʻsishi 5,7 foizni tashkil etdi. Biroq yillik hisobda mehmonxona xizmatlari narxi 10,5 foizga oshgan. Oʻtgan oyda respublikaning barcha hududlaridagi dam olish maskanlari xizmatlari narxi 4,1−17,5 foiz oraligʻida oshdi.