“Fair tech” yagona axborot tizimiga soliq organlaridan kelib tushgan maʼlumotlar asosida 2025-yil davomida tizimli choralar koʻrildi.

Oʻrganishlar natijasida respublika boʻyicha 765 ta dorixonada (119 ta ulgurji va 646 ta chakana) 267 mingdan ziyod holatda dori narxlari asossiz oshirilgani maʼlum boʻldi. Buning natijasida aholidan jami 7,95 milliard soʻm miqdorida ortiqcha mablagʻ olingan. Qoʻmita aralashuvi bilan ushbu mablagʻlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Eng koʻp qonunbuzarlik holatlari va asossiz daromad miqdori Surxondaryo, Toshkent shahri va Samarqand viloyatiga toʻgʻri kelmoqda. Jumladan:

  • Surxondaryo viloyati: 53 ta dorixonada 1,57 mlrd soʻm;
  • Toshkent shahri: 173 ta dorixonada 1,4 mlrd soʻm;
  • Samarqand viloyati: 57 ta dorixonada 1,23 mlrd soʻm.

Boshqa hududlarda ham vaziyat jiddiyligicha qolmoqda. Masalan, Buxoro viloyatida 929,4 mln soʻm, Toshkent viloyatida esa 735,1 mln soʻm miqdoridagi mablagʻlar isteʼmolchilardan noqonuniy ravishda undirilgan.

Qoʻmita nafaqat mablagʻlarni qaytarish, balki aybdorlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish tashabbusi bilan chiqdi. Litsenziya talablarini qoʻpol ravishda buzgan dorixonalar boʻyicha tegishli maʼlumotlar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga taqdim etildi. Bu esa mazkur dorixonalarning faoliyatini toʻxtatishgacha boʻlgan jazo choralariga sabab boʻlishi mumkin.

Raqobat qoʻmitasi dorixonalarning «qora roʻyxati«ni ochiq eʼlon qilib borishini va dori vositalari bozorida narxlarning sunʼiy oshirilishiga qarshi keskin kurashni davom ettirishini maʼlum qildi.

Bu kabi holatlarga duch kelgan isteʼmolchilar qoʻmitaning “Fair tech” tizimi yoki ishonch telefonlari orqali murojaat qilishlari mumkin.