Soha tarqoq holda boʻlib, anchayin eʼtibordan chetda qolgandi.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil avgust oyidagi tegishli qarori bu muammoning oqilona yechimi boʻldi. Mazkur hujjatga koʻra, Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-boʻyin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilishi natijasida tibbiyotning ushbu yoʻnalishi hududlarda oʻz filiallariga ega yaxlit tizimga aylandi.
Bugungi kunga kelib, muassasa va uning joylardagi filiallari yurtimizda otorinolaringologik va bosh-boʻyin kasalliklari profilaktikasi, ularni erta aniqlash hamda davolash dasturlarini amaliyotga tatbiq etib kelmoqda.
2025-yil markaz oʻz oldiga ulkan maqsadlarni qoʻygan.
— Joriy yil ixtisoslashgan tibbiy yordamni tuman darajasiga tushirish uchun har bir viloyatdan 2 tadan, jami 28 ta tuman (shahar)ni namunaviy va ilgʻor hududga aylantirishga kirishganmiz, — deydi markaz direktori Ulugʻbek Hasanov.
— Ayni kunlarda malakali shifokorlarimiz joylarda aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, mahalliy mutaxassislar uchun mahorat darslari tashkil etmoqda. Tajribali shifokorlarimiz yurtimizning olis hududlarida boʻlib, bemorlarni ogʻir xastaliklardan xalos qilishga koʻmaklashyapti.
Rejaga muvofiq, bu yil yuqori nafas yoʻllari oʻsma oldi kasalliklari erta skrining qilinib, davolash protokollari tuziladi. Hududlarda LOR aʼzolari va bosh-boʻyin xastaliklariga ixtisoslashtirilgan multidissiplinar yondashuvlar va yuqori texnologiyali amaliyotlar tatbiq etiladi.
Jumladan, markazning Buxoro, Andijon, Fargʻona hamda Namangan viloyatlari filiallarida mikroskop va endoskopik texnikalar yordamida timpanoplastika amaliyoti, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiallarida funksional endoskopik sinus xirurgiyasi operatsiyalari yoʻlga qoʻyiladi. Muassasaning oʻzida esa 5 ta diagnostika va 5 ta davolash usuli joriy qilinadi.
Hududlarda quloq va burundagi kasalliklarni erta aniqlash, eshitish pastligi hamda orttirilgan karlikning oldini olish, bosh-boʻyin xastaliklariga multidissiplinar yondashuvlar orqali erta bosqichda tashxis qoʻyish koʻrsatkichi oshiriladi.
Shuningdek, viloyat filiallari va boshqa muassasalardagi 100 nafar shifokor simulyatsion markazda oʻqitilib, 10 nafar mutaxassisimiz xorijning nufuzli klinikalarida malakasini oshiradi.
Oʻzaro tajriba almashish, master-klasslar oʻtkazish, yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy qilish va hududlarda tibbiy koʻriklar hamda operatsiyalar oʻtkazish maqsadida Rossiya, Turkiya davlatlaridan 4 nafar mutaxassis tashrifi amalga oshiriladi.
Markazning yetakchi mutaxasislari tomonidan yil davomida viloyat filiallarida malakali otorinolarinogologik va bosh-boʻyin jarrohligi amaliyotlari bajariladi. Rossiya, Turkiya, Italiya va Germaniyaning yetakchi tibbiyot muassasalari va klinikalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanadi.
Qolaversa, tibbiy turizmni rivojlantirish, mamlakatimiz otorinolaringologik xizmati nufuzini oshirish va xorijiy bemorlar trafigini yengillashtirish maqsadida “yashil yoʻlak” elektron tizimini joriy etish koʻzda tutilgan.