Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan respublikaning masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-2021-yillarda umumiy qiymati 2,9 mlrd.dollar boʻlgan jami 265 ta davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalari boʻyicha ishlar olib borildi. Shulardan suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalar soni 105 tani tashkil etadi.

Taʼkidlash kerakki, DXSH loyihalari bu avvalo uzoq muddatli shartnoma, bitimlardir. Bu kelishuvning oʻziga xos jihatlari shundan iboratki, loyihaning xatari, moliyaviy manbalar ham xususiy sektor zimmasida boʻladi. Mazkur loyihalar, avvalo, suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohaga zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb qilish, byudjet yukini yengillatish, yerlarni meliorativ holatini yaxshilash, ilgʻor boshqaruv usulini joriy qilish, suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish darajasini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020—2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 2020-yilda 5 ta, 2025-yilgacha 25 ta va 2030-yilgacha 50 ta loyihalarni amalga oshirish vazifalari belgilab berilgan.

Shu bilan birga, suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishini jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-apreldagi “Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xoʻjaligi obektlaridan foydalanishda davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham tasdiqlandi.

Unga koʻra, 2021-yilda istisno tariqasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish boʻyicha 100 ta loyiha roʻyxati shakllantirildi va bunda 180 dan ortiq suv xoʻjaligi obyektlarini xususiy sheriklar boshqaruviga berish rejalashtirildi.

Berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan 2020-yilda 8 ta va 2021-yilda 97 ta, jami 105 ta loyiha boʻyicha xususiy sheriklar bilan DXSH bitimi imzoladi va Agentlikda oʻrnatilgan tartibda DXSH loyihalari reyestriga kiritildi. Mazkur 105 ta loyihaning umumiy qiymati 1 trln 233,7 mlrd.soʻmni tashkil etdi. Ushbu barcha loyihalar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonuni asosida tartibga solinadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 147-bandida Suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlarida nasos stansiyalari hamda irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini xususiy sheriklar boshqaruviga berish boʻyicha 52 ta loyihani amalga oshirish belgilangan boʻlib, bugungi kunda ushbu loyihalar boʻyicha ishlar davom etmoqda. Xususan, 10 ta loyihaning dastlabki loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan, 20 ta loyihaning konsepsiyasi tasdiqlagan hamda qolgan loyihalar boʻyicha dastlabki loyihaoldi hujjatlari ishlab chiqilmoqda.