Janubiy Koreyaning Seul shahrida GICC 2022 Global infratuzilmaviy hamkorlik bo'yicha konferensiya bo'lib o'tdi, deya xabar bermoqda “O'zsuvta'minot” AJ matbuot xizmati.
Unda ishtirok etgan O'zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirining birinchi o'rinbosari, “O'zsuvta'minot” AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov so'nggi yillarda mamlakatimizda ichimlik suv ta'minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi o'zgarishlar, amalga oshirilayotgan loyihalar to'g'risida ma'lumot berdi.
Ta'kidlanganidek, bugungi kunda davlatimiz rahbari boshchiligida sohada keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentning tegishli farmoni bilan “O'zsuvta'minot” tashkil etilganidan so'ng sohada korporativ boshqaruv tizimi joriy qilindi, barcha ustuvor yo'nalishlar bo'yicha ishlar tizimli asosda yo'lga qo'yildi.
So'nggi besh yilda sohaga 1,1 milliard miqdorida mablag' jalb qilindi. Respublikamiz bo'yicha 1826 ta suv inshooti, 56 ta oqova suv tozalash inshooti, 24,2 ming kilometr ichimlik va 1,1 ming kilometr oqova suv tarmoqlari qurildi. Natijada 2017-yilda aholining markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi 63,9 foizni, oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasi esa 15,2 kilometrni tashkil etgan bo'lsa, 2021-yilda mazkur ko'rsatkich tegishli ravishda 69,7 va 16,5 foizga etkazildi.
Jahon banki ishtirokida Buxoro viloyati Olot va Qorako'l tumanlari aholisining ichimlik suv ta'minotini yaxshilash maqsadida kunlik quvvati 50 ming metr kubga teng “Ikki daha” suv tozalash inshooti, Samarqand shahrida oqova suv tizimini rivojlantirish uchun kunlik quvvati 139 ming metr kub va 3 ming metr kub bo'lgan ikkita oqova suv tozalash inshooti ishga tushirildi.
Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda esa Toshkent viloyatida kunlik quvvati 100 ming metr kubni tashkil etuvchi “Qodiriya” suv tozalash inshooti barpo etildi.
S.Saifnazarov o'z nutqida 2026-yilga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga ham to'xtalib o'tdi. Qayd etilganidek, ushbu davr mobaynida sohaga o'tgan 5 yilga nisbatan 5 barobarga ko'p, ya'ni 5,5 milliard dollar miqdorida investitsiyalarni jalb etish ko'zda tutilgan.
2022-2026-yillarda respublikada 2875 ta ichimlik va 283 ta oqova suv inshootini, 33,7 ming kilometr tarmoqlarni qurish rejalashtirilgan. Buning natijasida 2026-yilga kelib, respublikamiz aholisining markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi 90 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasi esa 35 foizga etishi kutilmoqda.
Konferensiya doirasida oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar, xorijiy davlatlarda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti va boshqa tadbirlar ham bo'lib o'tdi.
Ma'lumot uchun: Janubiy Koreya “O'zsuvta'minot” AJning eng yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ushbu davlatning “K-Water” korporatsiyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda eskirgan tarmoqlarni modernizatsiya qilish, kadrlarni o'qitish va malakasini oshirish, sohaga yangi texnologik echimlar orqali “aqlli” suv hisoblagichlarni joriy etish, suv sarfini boshqarish bo'yicha qator ishlar olib borilmoqda.