Mahalliy aviaqatnovlarni oshirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Endi narxidan qatʼi nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu chipta narxini pasaytirish va talabni oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yangi samolyotlar uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat koʻrsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi.
Ichki temir yoʻllarni rivojlantirish boʻyicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bogʻlash uchun 2026-yildan yana 500 kilometr temir yoʻl qurilishi boshlanadi.
Kelgusi yili 110 kilometr temir yoʻl tarmogʻi qurilib, Boʻka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri poytaxt bilan bogʻlanadi. “Toshkent – Samarqand” yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yoʻlovchi poyezdlar uchun yangi temir yoʻl liniyasini qurish boshlanadi.
Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiydagi vokzallar ham xususiy sheriklik uchun beriladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahliliga koʻra, sifatli yoʻllar iqtisodiyotimizning kamida 2 foiz oʻsishiga turtki beradi.
Avtomobil yoʻllarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yanada oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi.
Bunda Andijon bilan Qoʻngʻirotni, Toshkent bilan Termizni, Samarqand bilan Shahrisabzni, Olot bilan Sariosiyoni bogʻlaydigan, uzunligi 4 ming kilometr magistral yoʻllar xalqaro talablarga mos “avtoban”larga aylantiriladi.
2026-yilning oʻzida Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududidan oʻtgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometr yoʻllarda rekonstruksiya ishlari yakunlanadi.
Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Boʻstonliq, Pungʻon – Namangan va Qarshi – Shahrisabz yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanishga moʻljallangan 800 kilometr yoʻllar qurilishi boshlanadi.
Endi yoʻllarni loyihalashtirishda aholining fikri, transport qatnovining atrof-muhitga taʼsirini inobatga olish, piyodalar uchun “toʻsiqsiz” muhit yaratish boʻyicha qatʼiy talablar qonun darajasida mustahkamlanadi.