2026-yilga qadar amaldagi 21 mingga yaqin qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkaziladi

    Adliya vazirligida “2022-yilda qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijalari” mavzusida xalqaro ekspertlar, vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari ishtirokida davra suhbati tashkil qilindi.

    Davra suhbati davomida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalari, 2022-yil davomida korrupsiyaga qarshi ekspertiza yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.

    2022-yil davomida ijtimoiy himoya, moliya va bank, tadbirkorlik, tashqi iqtisodiy faoliyat hamda bojxona ishiga oid 1 860 ta qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilgan.

    Ekspertiza natijalariga koʻra, 243 ta hujjatda (13 foiz) yoki ekspertizadan oʻtkazilgan jami hujjatlarning 350 ta korrupsiyaviy omil aniqlagan.

    Shuningdek davra suhbati davomida boshqa vazirlik va idoralarning qonunchilik hujjatlari loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizani amalga oshirishdagi faoliyatiga toʻxtalib oʻtildi.

    Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 293 ta loyiha korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilib ularda korrupsiyaviy omillar aniqlanmaganligi toʻgʻrisida maʼlum qilingan boʻlsada, ushbu loyihalar Adliya vazirligi tomonidan ekspertizadan oʻtkazilganda ularda 457 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.

    Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaviy omillarni aniqlash uchun
    3 ta qonunchilik hujjati – qonun, Prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

    Mazkur loyihalar bilan amaldagi 243 ta qonunchilik hujjatidagi korrupsiyaviy holatlarni sodir etishga imkon beruvchi tartib va qoidalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

    Xususan, Qonun loyihasi bilan nogironlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega boʻlmasa, ekspertiza uning hoxishiga koʻra uning uyida yoki shaxs davolanishda boʻlgan statsionarda oʻtkazilishi boʻyicha taklif kiritilganligi qayd etib oʻtildi. Amaldagi tartibga koʻra esa, mazkur tanlov komissiya ixtiyoriga koʻra hal qilinmoqda.

    Prezident farmoni loyihasi bilan korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni bartaraf etish, tartibga solish yukini kamaytirish va qonunchilik tizimliligini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanmoqda.

    Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi bilan Hukumatning 61 ta qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Mazkur oʻrgartirish va qoʻshimchalar orasida Markaziy bank tomonidan banklarda oʻtkaziladigan tekshiruvlarning aniq asoslarini belgilash nazarda tutilgan.

    Davra suhbati davomida mazkur loyihalar boʻyicha BMT Tarraqiyot dasturi loyihasi hamda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakillari oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

    Adliya vazirligi tomonidan “korrupsiyadan xoli qonunchilik”ni yaratish maqsadida 2026-yilga qadar amaldagi 21 mingga yaqin qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilishi taʼkidlandi.

    Adliya vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi