Unda ilgari surilgan tashabbuslar – ta’lim, kasb-hunar, tadbirkorlik, innovatsiya va volontyorlik yo‘nalishlaridagi aniq va tizimli qarorlar – 22 milliondan ortiq yoshlarimizning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Davlatimiz Rahbari yoshlar – bu nafaqat demografik ustunlik, balki iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotning bosh omili ekanligiga alohida e’tibor qaratdi. Ayniqsa, jahon olimpiadalaridagi yutuqlar, TOP universitetlarda tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlarimiz, xalqaro bozorga chiqqan startaplar va sport sohasidagi g‘alabalar – bularning barchasi yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar samarasidir.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi ushbu ishonch va e’tiborni yuksak mas’uliyat sifatida qabul qiladi. 

Biz uchun yoshlarning nafaqat kasbiy, balki ma’naviy-estetik tafakkurini shakllantirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ustuvor vazifadir.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Kelajak tadbirkori” dasturi, “Yangi avlod tadbirkorlari” tashabbusi, “Yoshlar biznes inkubatori” markazlari, “Oʻsish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi, volontyorlik harakatini keng qo‘llab-quvvatlash kabi tashabbuslar ta’lim muassasalari oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi ham ushbu tashabbuslarni ijrosini ta’minlashni, shubhasiz, eng ustubor vazifa etib belgiladi.

Shu boisdan ham kelgusida talabalarni amaliy loyihalar asosida o‘qitish, kreativ industriyalar, madaniy menejment va san’at tadbirkorligi yo‘nalishlarini kuchaytirish, dual ta’lim elementlarini keng joriy etish, yosh ijodkorlar va startap tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirishni reja qildik.

Ta’kidlash o’rinliki, institutimiz kafedralarining ish beruvchi tashkilotlarda ayni paytda 4 ta filiali faoliyat olib bormoqda. Bu ishlarni davom ettirish hamda bu asosda dual ta’limni kengatirishni maqsad qilganmiz.

Shuningdek, 4 ta sport federatsiyalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan bo‘lib, hamkorlikda bir qancha sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.

Endilikda bu ishlarni ham salmog‘ini oshirish, shuningdek, institutda sport musobaqalarini yanada ko'paytirish borasida ish olib borilmoqda.

Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida ham madaniyat boshqarmalari, teatrlar, kutubxonalar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqdamiz.

Ayni paytda, olib borilayotgan mazkur ishlar bizdan yanada katta mas’uliyat va tizimli yondashuvni talab etayotganini chuqur anglaymiz. 

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ta’lim va madaniyat sohasida ham yangicha fikrlash, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish hamda natijadorlikni ustuvor mezon sifatida belgilash zarurligini ko‘rsatmoqda. 
Bu esa bizdan eskicha qarash va qoliplangan yondashuvlardan voz kechib, faoliyatimizni zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqishni, har bir tashabbusni aniq amaliy samaraga yo‘naltirishni taqozo etadi. 

Shunday ekan, oldimizda turgan vazifalarni tanqidiy tahlil asosida qayta baholab, yanada yuqori bosqichga olib chiqish ustuvor maqsadimizdir.

Negaki, oliy ta’lim muassasalari oldida ham ko'plab yangi vazifalar turibdi. Xususan, bugun ular faqat bilim beruvchi muassasa emas, balki innovatsiya, tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlari yaratuvchi markazga aylanishi lozimligi belgilandi.

Biz ishonamizki, san’at va madaniyat sohasi yoshlar uchun nafaqat ijod maydoni, balki iqtisodiy barqarorlik va innovatsion rivojlanishning muhim drayveriga aylanadi.

Yangi avlod san’atkorlari, menejerlari va ijodiy tadbirkorlari mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltiradi.

Prezidentimizning yoshlar bilan muloqoti – bu shunchaki uchrashuv emas, balki har bir rahbar, har bir pedagog va har bir mas’ul shaxs zimmasiga yuklangan aniq vazifa va javobgarlikdir.

Biz ham kelgusi faoliyatimizda, albatta, yoshlarimizni eshitamiz, qo‘llab-quvvatlaymiz va ularning tashabbuslari ro‘yobga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz. 

Yoshlar – Yangi O‘zbekistonning buguni va kelajagidir.
Ularning muvaffaqiyati – Vatanimiz muvaffaqiyatidir.

Nodirbek Sayfullaev,
O‘zbekiston davlat san’at
va madaniyat instituti rektori,
professor.