Konrad Adenaur nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasiga koʻmagida tashkil etilgan seminar trening ham shu maqsadga yoʻnaltirildi. Ushbu tadbir vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklari korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining 220 nafardan ortiq rahbar va xodimlari uchun oʻzaro tajriba almashish, malaka va koʻnikmalarini oshirish uchun faol muloqot maydoni boʻldi.
Taʼkidlanganidek, hozirgi vaqtda jami 111 ta davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan korxonalar, shu jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yilning 1-choragida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan 22 ta davlat tashkilotlari va idoralarida jami 81 mlrd 561,1 mln soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Bundan koʻrish mumkinki, aksariyat davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati toʻgʻri yoʻlga qoʻyilib, oʻz faoliyati natijasi yuzasidan ijobiy natijalarni bermoqda.
Ammo korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini barcha davlat tashkilotlarida toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, ularning samaradorligini oshirish, ular tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash amaliyotini toʻliq shakllantirish borasida hal etilishi va amalga oshirilishi lozim boʻlgan vaziflar hali talaygina.
Shu bois ushbu trening korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatining samaradorligini oshirish, ularning faoliyatida koʻp uchraydigan savollarni ochiq muhokama qilish, faoliyatni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etishdagi mummolar va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fikr almashish hamda bu borada uslubiy yordam koʻrsatishni kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Unda mutaxassislar tomonidan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni toʻgʻri baholash, manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash va boshqarish, davlat xaridlari jarayonlarida kontragentlarni tekshirish, korrupsiyaviy xatti-harakatlar yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazish, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi va boshqa muhim mavzularda taqdimotlar oʻtkazildi.
Trening davomida ishtirokchilar sohaga oid muhim va foydali maʼlumotlarni olish bilan birga oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar orqali aniqlik kiritish hamda faoliyatlarida duch kelayotgan muammo va kamchiliklarni ochiq muhokama qilish imkoniga ega boʻldi, deb xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati.