22 yoshli qizni fohishalik uchun Rossiyaga olib ketmoqchi boʻlgan ayol ushlandi

    Xavfsizlik 27 May 2025 609

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 135-moddasi (Odam savdosi) 2-qismi “a“,“z“ bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida oʻtkazilgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt“ profilaktik tadbirlari davomida viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan Qibray tumani IIB hamda DXX hududiy boʻlinmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda yana bir shaxsning odam savdosi qurboni boʻlishining oldi olindi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda Angren shahrida yashovchi 1971-y.t. ayol (X.T.) oson pul topish maqsadida oʻziga tanish boʻlgan 2003-y.t. qiz (Z.A.)ni aldab, moʻmay daromad topishga ishontirib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga fohishalik uchun olib ketayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, ayol va 22 yoshli qizning Rossiyaga borish uchun yoʻl haqi va boshqa xarajatlari Sankt-Peterburgda yashovchi “Zulya“ ismli ayol tomonidan qoplangan. Buning evaziga qiz keyinchalik fohishalik bilan shugʻullanishi kerak boʻlgan. Shuningdek, ayol qizni yetkazgani uchun “Zulya“dan maʼlum miqdorda haq olishga kelishgan.

    Hozirda ushlangan shaxsga nisbatan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 135-moddasi (Odam savdosi) 2-qismi “a“,“z“ bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.