Yurtimizda sud-huquq tizimini muntazam ravishda isloh qilib borish, sudlarni chin maʼnoda adolat qoʻrgʻoniga aylantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar tuzilma faoliyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Ezgu maqsadlar yoʻlida tashlangan qadam inson va uning huquq va erkinliklarini kafolatlash, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash imkoniyatini bermoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmonida sudlar faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning oʻrinbosarlari tomonidan matbuot anjumanlari oʻtkazish belgilangan.

Fargʻona viloyat “Matbuot uyi”da boʻlib oʻtgan anjumanda jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda maʼmuriy ishlar tahlili, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan chiqarilgan ayblov hukmlari, jazo amaliyoti, ishlarni yuqori instansiyalarda koʻrilish ahvoli, oqlov hukmi, sudlanganlik holati shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili, huquqiy targʻibot ishlari, jismoniy va yuridik shaxslar vakillari qabuli, Memorandumlar ijrosi, qonunchilikdagi yangiliklar hamda sohaga oid boshqa maʼlumotlar haqida axborotlar maʼlum qilinadi.

Xususan, jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining ish yurituviga 3 ming 368 shaxsga nisbatan 2 ming 715 ta jinoyat ishi kelib tushgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 275 ta koʻp. Koʻrib chiqilgan 1 ming 483 ta ish boʻyicha hukm chiqarilgan. Taraflarning yarashuvi natijasida 910 ta ishlar tugatilgan, 3 shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilib, 220 ta shaxs sud zalidan ozod qilingan, 160 nafar shaxs sud zalidan qamoqqa olingan.

Iqtisodiy sudlari tomonidan koʻrib chiqilgan 1 ming 787 ta ishlar tahliliga koʻra, sudlarda kommunal xizmat koʻrsatish, kredit shartnomasi, tadbirkorlik subyektlarining bankdagi hisob varaqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish, bankrot deb topish bilan bogʻliq nizolar koʻpaygan. Oldi-sotdi va kontraktatsiya shartnomasi, pudrat va yuk tashish hamda lizing shartnoma shartlarini bajarish bilan bogʻliq nizolar kamaygan.

Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlari tomonidan
odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Oʻtgan davrda 12 ming 335 ta fuqarolik ishlari koʻrib chiqildi. Fuqarolarga qulaylik yaratish, uzoq masofa yoʻl bosib sud binolariga kelib – ketishlarining oldini olish maqsadida “E-XSUD” milliy elektron axborot tizimi joriy qilingani sudlarga bevosita elektron tizim orqali murojaat qilish imkoniyatini berdi.

Shu kunga qadar, koʻrilgan ishlardan 10 mingdan ortigʻi shu tizim orqali kelgan murojaatlar hissasiga toʻgʻri keladi. Barcha daʼvo arizalar inson omili aralashuvisiz taqsimlanmoqda. Yaratilgan dastur asosida ishni qoʻzgʻatish, tayinlash, ishni koʻrish muddati, topshirilmayotgan, yakuniy qaror biriktirilmayotgan va ijro yuborish muddati buzilayotgan holatlar yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatilib, kunlik tahlili oʻtkazilib natijalari boʻyicha qabul qilinayotgan qarorlar (ajrimlar) axborot tizimga joylashtirilmoqda. Bu amaliyot sudlar faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash, sud qarori yoki ajrimlarni moneliksiz olish imkoniyatini bermoqda.

Anjumanda sud–huquq tizimida amalga oshirilayotgan ochiqlik, oshkoralik va qonun normalariga kiritilgan oʻzgarishlar xususida maʼlumotlar berildi.

Rasuljon Kamolov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.