Tadbirning asosiy maqsadi Afgʻonistonda barqarorlik, xavfsizlik, urushdan keyingi tiklanishga koʻmaklashish, koʻp millatli afgʻon xalqi va butun dunyo manfaatlari yoʻlida ushbu mamlakatni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga integratsiyalashuvi masalalari boʻyicha jahon hamjamiyatining yondashuvlariga doir kompleks chora-tadbirlar va takliflarni ishlab chiqishdan iboratdir.

Mazkur anjuman 2018-yil 27-martda oʻtkazilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi hamda 2021-yil 15-16-iyul kunlari boʻlib oʻtgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi Toshkent xalqaro konferensiyasining mantiqiy davomi boʻladi.

***

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2022-yil 1-iyuldan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyani yoritish uchun milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazishni boshlaydi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Shuningdek, xabar orqali Toshkent konferensiyasida ishtirok etish istagida boʻlgan ommaviy axborot vositalari vakillari Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki press@mfa.uz elektron pochtasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozimligi qayd etilgan:

1) manfaatdor OAV rahbariyatining muxbir(lar)ini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi murojaat xati;

2) OAV haqida maʼlumot;

3) akkreditatsiya qilinadigan shaxsning tarjimai holi va pasporti nusxasi;

4) akkreditatsiya qilinadigan shaxsning 700x700 dpi formatida fotosurati (yuqori aniqlikda, qatʼiy toʻgʻriga qaragan holda, oq fonda);

5) toʻldirilgan savolnoma.

Hamda hujjatlar 2022-yil 15-iyul soat 18:00 ga qadar (Toshkent vaqti bilan) qabul qilinishi maʼlum qilingan.