Har qanday mamlakatning rivojlanganlik darajasi undagi intellektual mulkning rivojlanganlik darajasiga qarab belgilanadi. Shuning uchun barcha mamlakatlarda oʻz intellektual mulkini rivojlantirish borasida, ayniqsa, bu mulkning davlatda va butun dunyoda himoyalanishiga katta eʼtibor qaratiladi.

Mualliflik huquqining xalqaro miqyosda himoya qilinishida Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (BIMT) oʻrni katta. U 1967-yil 14-iyul kuni Stokgolm shahrida imzolangan Butunjahon intellektual mulk tashkilotini tashkil etish haqidagi konvensiya asosida tashkil etilgan hukumatlararo xalqaro tashkilotdir.

Ushbu tashkilot 1974-yil dekabr oyida BMTning hukumatlararo xalqaro tashkiloti degan maxsus maqomni olgan. Tashkilotning vazifasi – dunyoda davlatlar oʻrtasida kelishuv va bitimlar asosida intellektual mulkni himoya qilishni muvofiqlashtirish hamda shu sohadagi turli shartnoma va konvensiyalarning maʼmuriy boshqaruvini taʼminlashdan iborat.

Bugungi kunda dunyoning 180 dan ortiq davlati BIMTning aʼzosi hisoblanadi. Oʻzbekiston 1991-yil 25-dekabrdan mazkur Tashkilotning teng huquqli aʼzosidir. Bugungi kunda mamlakatimiz BIMTning 14 ta xalqaro hujjatini tasdiqlagan.

2000-yili Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga aʼzo davlatlari oʻrtasida 26-aprel – “Xalqaro intellektual mulk kuni” sifatida nishonlanishi kelishilgan. 2001-yildan boshlab ushbu sana har yili butun dunyoda nishonlab kelinmoqda.

Intellektual mulk deganda, biz turli zamonlarda insonlar oʻzining ongi va tafakkuri, bilimi va qobiliyati yordamida kundalik ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda turli sohalarda yaratgan ijod mahsulotlari yoki mulklarini tushunamiz. Bu mulklarni zamonaviy texnologiya sohasi, fan va adabiyot sohasi yoki sanoat va kimyo sohasi singari boshqa bir qator sohalarning rivojlanishi, yangiliklar yaratilishi va tatbiq etilishi misolida sanab oʻtish mumkin.

Inson salohiyati bilan yaratilgan intellektual mulkning himoya qilinishi, ommaga taqdim etilishi, moliyalashtirilishi, shuningdek faoliyatini davom ettirishi, ayniqsa, uning muhofaza etilishi yillar davomida muhim masalaga aylanib bormoqda.

Shu bois intellektual mulk huquqi sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, yuzaga kelgan muammolarning yechimlarini birgalikda izlash va uni bartaraf etish, dunyo hamjamiyatining rivojlanishi bevosita ushbu sohada chuqur ilmiy izlanishlar olib borishni taqozo etadi.

Rivojlangan davlatlar qatori mamlakatimiz qonunchiligida ham intellektual mulk sohasidagi munosabatlarni tartibga solish tizimi shakllantirilgan. Unga koʻra, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”, “EHM dasturlari va maʼlumotlar bazalarining huquqiy muhofazasi toʻgʻrisida”, “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”, “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”, “Integral mikrosxemalar topologiyalari huquqiy muhofazasi toʻgʻrisida”, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, 2021-yil 20-avgustdagi “Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-yanvardagi “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, 2019-yil 1-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, 2019-yil 8-fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari, shuningdek boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida davlatimizda intellektual mulk huquqi himoyasini toʻliq qonuniy taʼminlanishi kafolatlanadi.

Bundan tashqari, davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo shartnoma va bitimlar tuzilgan boʻlib, ularga amal qilib kelinmoqda. Mazkur hujjatlar ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni chet elda muhofaza qilishga va eksportchilarning tashqi iqtisodiy faoliyatiga yordam berish, chet el investitsiyalarini milliy sanoatga jalb qilishga yoʻnaltirilgan. Bu, oʻz navbatida, mamlakatimiz xalqaro maydonda oʻzining mustahkam oʻrniga ega boʻlishi yoʻlida yutuqlarga va barqaror natijalarga erishishini taʼminlaydi.

Intellektual mulkning huquqiy himoyasiga doir qonunchilikni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish milliy iqtisodiyotning innovatsion rivoji hamda mamlakatning intellektual ishlab chiqarishi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois yangi intellektual mulk obyektlarini yaratish, ilmiy-ijodiy faoliyatni moddiy qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotni innovatsion bosqichga oʻtkazish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, ayniqsa, sohada huquqni qoʻllash amaliyotini kuchaytirish, huquq egalarining tegishli huquqlariga ogʻishmay rioya etish dolzarb vazifalardan boʻlib qolaveradi.

Dildora Ahmedova,

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi xodimi