BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan sal avval eʼlon qilingan hisobotiga koʻra, dunyoda giyohvand moddalar isteʼmol qiluvchilar soni 10 yil ichida 23 foizga oʻsib, 240 milliondan 296 million nafarga yetgan. 

Shuningdek, bu illat bilan bogʻliq kasalliklardan aziyat chekuvchilar 2011-yildan 2021-yilgacha boʻlgan davrda 45 foizga oshib, 39,5 million kishini tashkil etgan. 

Bunday oʻsish dinamikasiga sayyoramiz aholisi koʻpayishidan tashqari, yoshlar oʻrtasida sintetik giyohvand moddalar ommalashayotgani ham sabab boʻlmoqda. Negaki, bunday zaharli vositalar nisbatan arzonligi, oson va tez ishlab chiqarilishi bois noqonuniy bozorlarni shiddat bilan “zabt etmoqda”. 

Ana shunday omillar yurtimizda psixiatriya va narkologiya xizmatini takomillashtirish uchun yana bir muhim asos boʻldi. 

Xususan, davlatimiz rahbarining oʻtgan yil qabul qilingan “Aholiga narkologik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, joriy yil 1-yanvardan boshlab:

narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish boʻyicha barcha tibbiy tekshiruvlar narkologiya dispanserlarining oʻzida, zarur hollarda boshqa muassasalarda amalga oshirilmoqda;

narkologiya dispanserlaridagi mavjud koykalar haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratildi.

Oʻz navbatida, qarorga muvofiq, aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida psixoaktiv moddalar isteʼmol qilinishining oldini olish va  barvaqt aniqlashga qaratilgan profilaktika tizimi ishlab chiqilishi bu sohadagi dadil qadam boʻldi.

Qolaversa, yaqinda eʼlon qilingan “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida ham bu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga doir vazifalar belgilangan. 

26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan oʻtkazilayotgan “Aholiga narkologik yordam koʻrsatishning zamonaviy jihatlari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada bunday fakt va tahlillar yana bir bor qayd etildi.