Andijon viloyati Asaka tumanida DXX va IIVning viloyat boshqarmalari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir oʻtkazildi.
Xususan, mazkur tumanda yashovchi, 1988-yilda tugʻilgan shaxsning yonida boʻlgan 1 dona nomsiz sprey idishdagi nomaʼlum suyuqlik hamda 2 dona nomsiz dori vositalari vaqtincha saqlovga olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, Xoʻjaobod tumanidagi ushbu shaxsga tegishli xonadon koʻzdan kechirilganda, mazkur manzilda narkolaboratoriya tashkil etilgani maʼlum boʻldi.
Koʻzdan kechirish jarayonida sprey idishlardagi nomaʼlum suyuqliklar, oq rangli kukunsimon moddalar, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari hamda narkotik moddalar tayyorlashda foydalanilgan anjomlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ekspertiza xulosasiga koʻra, musodara qilingan moddalar “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi hamda “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi modda ekani aniqlandi, deb xabar qildi DXX matbuot xizmati.