290 nafar yoshning xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan toʻlab berildi

    Keyingi avlod 21 Iyun 2021 1941

    2020-yil 25-dekabr kuni Prezidentimiz yoshlar forumida xalqaro imtihon tizimlarida yuqori natijaga erishgan yoshlarning imtihon xarajatlari davlat tomonidan toʻlab berilishini maʼlum qilgandilar.

    1-maydan ushbu tizim yoʻlga qoʻyildi va bugunga qadar IELTS, SAT, TOEFL, GMAT, GRE kabi xalqaro imtihon tizimlarida yuqori natijaga erishgan 290 nafar yoshlarning xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan toʻlab berildi. Bu qariyb 523,5 mln soʻmni tashkil etadi, deya xabar beradi Agentlik rahbari Alisher Saʼdullayev oʻzining telegram kanalida.

    Yoshlardan bugungacha kelib tushgan arizalarning 142 tasi Davlat xizmatlari markazi orqali, 319 tasi esa my.gov.uz portali orqali kelib tushgan. 171 nafar arizachining talabi rad etildi. Buning sababi ushbu arizachilar mazkur tizim yoʻlga qoʻyilishidan avval sertifikatni qoʻlga kiritishgan.

    Bu imkoniyatdan 30 yoshgacha boʻlgan barcha yoshlar birdek foydalanishlari mumkin. Buning uchun yoshlar 2021-yil 13-apreldan (ushbu qaror kuchga kirgandan) IELTS, SAT, TOEFL, GMAT, GRE kabi imtihonlarda yuqori natija qayd etgan boʻlsalar, Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali murojaat qilishlari mumkin.

    Bu hali boshlanishi. 2022-yil 1-yanvardan boshlab yana 13 turdagi xalqaro imtihon tizimlarida yuqori natijaga erishgan yoshlarning imtihon xarajatlarini toʻlab berish boshlanadi, deyiladi xabarda.