Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmon bilan joriy yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlangan boʻlib, ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar soni oʻtgan yilgiga nisbatan 1,5 baravarga oshirildi hamda dastur doirasida 30 000 nafar talabgorlarga ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratish belgilanmoqda, deb yozadi Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati.
Arizalar shu yilning 3-mart kuni soat 09:00dan boshlab joʻnatish mumkin.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali topshirish mumkin. Bunda ariza beruvchi xohishi bilan uning daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlari kiritilishi mumkin.
Shuningdek, arizachi yoki uning turmush oʻrtogʻining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) oʻrtacha daromadi quyidagicha boʻlishi kerak:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (hozirda 3,11 mln — 9,24 mln soʻm);
- Toshkent shahrida — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2,7−9,2 baravari (hozirda 3,11 mln soʻm — 10,62 mln soʻm).