Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Baliqchi tumani boʻlimi, ETK va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda tumandagi “I.S.” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar MCHJ qarashli yogʻni qayta ishlash zavodida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida ulanib, jami 250 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Izboskan tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda YATT B.N. va boshqalar “Ovulmat“ MFYda joylashgan novvoyxonada umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga tijorat maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, jami 149,3 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Xonqa tumani boʻlimi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Urganch shahridagi “G.” MCHJga qarashli Urganch tumani, “Killavut“ mahallasida joylashgan dam olish maskanida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida elektr hisoblagichdan tashqari ulanib, jami 160,7 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.