3 ta viloyatda qoʻlbola alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotgan yashirin sexlar aniqlandi

    Fargʻona, Qoraqalpogʻiston va Qashqadaryoda noqonuniy ravishda qoʻlbola alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarib kelgan yashirin sexlar faoliyatiga chek qoʻyildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchkoʻprik tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro J.M. Oʻzbekiston tumanidagi xonadonda yashirin sex tashkil qilib, qalbaki aksiz marka va yorliqlardan foydalangan holda qoʻlbola alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotganligi aniqlanib, ushbu yashirin sexdan turli nomdagi 2 790 dona isteʼmolga yaroqsiz alkogol mahsuloti, 1 692 dona qalbaki aksiz marka, 5 781 dona “QR-kod” markirovka,1 091 dona shisha idish, 60 litr spirt va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan buyumlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Shuningdek, Departamentning Qoʻngʻirot tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda alkogol mahsulotlarini yashirin ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelgan fuqaro T.N. qoʻlbola usulida tayyorlangan 514 dona “Qaratau” nomli qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini oʻtkazish maqsadida tanishi B.U.ning xonadonida vaqtincha saqlab qoʻyganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Departamentning Qamashi tuman boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Y.S. ning boshqaruvidagi "Damas" rusumli avtomashina salonida sotish maqsadida olib ketilayotgan 1 200 dona isteʼmolga yaroqsiz qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Hozirda ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.