3 yoshli bolani shafqatsizlarcha pichoqlab oʻldirgan shaxs 24-yilga qamaldi

    Sudlanuvchiga tayinlangan jazoning dastlabki 4-yilini turmaga qamash tariqasida va qolgan qismini qattiq tartibli koloniyalarda oʻtattirilish belgilandi.

    Bugun jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida S. M.ga (erkak, 1993-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan) oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

    Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining sudyasi S. Abdugʻaniyev raisligida koʻrib chiqildi.

    Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq S. M. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j” bandlari, 25,97-moddasi 2-qismi “b”, “g”, “j”, “r” bandlari, 219-moddasi 2-qismi va 251-1-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 24-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    Shu bilan birga Jinoyat kodeksining 50-moddasi 9-qismiga asosan sudlanuvchiga tayinlangan jazoning dastlabki 4-yilini turmaga qamash tariqasida va qolgan qismini qattiq tartibli koloniyalarda oʻtattirilish belgilandi.

    Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.