Bu haqda Qonunchilik palatasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, soʻnggi yillarda mamlakatda harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus tuzilmalar xodimlari hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qonun loyihasi mazkur toifadagi shaxslar va ularning oila aʼzolarini pensiya bilan taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Hujjatda davlat pensiya taʼminotining huquqiy asoslarini belgilash, pensiya tayinlash shartlari, turlari, miqdorlari va tartibini takomillashtirish nazarda tutilgan.
Xususan, 30-yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiyaning bazaviy miqdorini aniqlashda hisobga olinadigan ish haqi ulushini 75 foizdan 100 foizgacha oshirish taklif etilmoqda. Shuningdek, pensiyani hisoblashda qoʻllanadigan bazaviy miqdorni 10 barobardan 12 barobargacha oshirish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, ushbu imtiyozlar uzoq yillar davomida Vatan xavfsizligi yoʻlida xizmat qilgan harbiylarni ragʻbatlantirish, yoshlar orasida harbiy kasbga qiziqishni oshirish hamda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Deputatlar fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish samaradorligini oshirish, sohadagi munosabatlarni aniq tartibga solish va huquqni qoʻllash amaliyotida yagona mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Majlis yakunlariga koʻra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.