Yosh avlodni tariximizda oʻtgan mudhish kunlar bilan yaqindan tanishtirish va mustaqillikning ulugʻ neʼmat ekani haqidagi tushunchalarini boyitish vazifasiga jiddiy kirishildi. Shuningdek, keng jamoatchilik va chet ellik mehmonlar uchun ham mahalliy qatagʻonlar haqida chuqur maʼlumot berish imkoniyati tugʻildi.

Ushbu maqsad yoʻlida Buxoro davlat universiteti huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi jamoasi ham tashrif buyuruvchilarga koʻproq maʼlumot taqdim qilish, eksponatlar safini boyitish ishlariga masʼuliyat bilan yondashmoqda.

Qatagʻonga uchragan 3000 ga yaqin buxorolikning roʻyxati shakllantirildi va muzey xodimlari tomonidan “Xotira kitobi” tayyorlandi. 2022-2023-yillardagi ilmiy izlanishlar natijasida yangi roʻyxat shakllantirildi va unga qatagʻon qilingan yana yuzga yaqin kishi haqidagi maʼlumotlar kiritildi.

Buxoro viloyatidan qatagʻon boʻlganlarni nomma-nom aniqlash maqsadida muzeyi xodimlari tumanlardagi davlat arxivlarida katta ish olib bordilar. Qatagʻon boʻlganlarning avlodlari muzeyga tashrif buyurib, ota-bobolari haqida maʼlumotlar, fotosuratlar, eksponatlar taqdim etib kelmoqdalar. Shu bilan birga, muzeyga qatagʻon boʻlganlarning avlodlari ota-bobolari toʻgʻrisida maʼlumot topib berish haqida murojaat qilishmoqda.

Muzey fondida 1500 ortiq buyum, arxiv hujjati, fotosuratlar, kitoblar, qoʻlyozma asarlar va numizmatika buyumlari saqlanadi. Muzeyga talabalar, oʻquvchilar, mahalliy aholi bilan birga, koʻplab chet ellik mehmonlar ham tashrif buyurishadi. Ular orasida Chexiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstriya, Belarus, Polsha, AQSH, Fransiya, Turkiya, Misr, Afgʻoniston, Hindiston kabi mamlakatlar vakillari bor.

Telekanallar muntazam ravishda muzey bilan hamkorlikda turkum koʻrsatuvlar suratga olyapti va namoyish qilib bormoqda. Masalan, “Oʻzbekiston tarixi” telekanalida namoyish qilinadigan “Millat fidoiylari”, “Tarixiy savol” koʻrsatuvlarining bir necha soni muzeyimiz faoliyatiga bagʻishlandi.

Muzey jamoasi xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etib, xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Xususan, Sankt-Peterburg va Istanbul shaharlaridagi muzeylar bilan hamkorlikda ish olib borilyapti.

Haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda mustabid tuzum tomonidan shafqatsiz qatagʻon qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot namoyandalari, oddiy kasb egasi boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz nomlari va xotiralarini abadiylashtirish, jasorati va matonati misolida yosh avlodimizni Vatanimiz va xalqimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

Bu boradagi tarixiy maʼlumotlarni xolis va haqqoniy oʻrganish mamlakatimiz mustaqilligi qanday ogʻir va mashaqqatli kurashlar bilan qoʻlga kiritilgani, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylab, qadrlab yashashimiz kerakligini yanada chuqur anglashga xizmat qiladi.

Azalshoh HAMROYEV,

BuxDU tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi

muzeyi direktori, dotsent