Mazkur Qaror ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Inspeksiyada yogʻ-moy korxonalarida nazorat tadbirlarini tashkil etish boʻyicha Respublika muvofiqlashtiruvchi komissiya, shuningdek, “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi, “Oʻzstandart” agentligi hamda “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati” mutaxassislaridan iborat tarkibda Ishchi guruhlari tashkil etilib, nazorat tadbirlari oʻtkazildi, deya xabar beradi Oʻzagroinspeksiya.
Xususan, 2021-yilning iyun holatiga 514 ta korxonalarda tekshirishlar yakunlandi. Tekshirilgan 514 ta yogʻ-moy korxonalaridan 303 tasining faoliyati paxta texnik chigitini, 90 tasi boshqa moyli oʻsimliklarni (shundan 39 tasi kungaboqar, 14 tasi zigʻir, 6 tasi maxsar, 31 tasi boshqa moyli ekin) qayta ishlash faoliyati bilan, 93 tasi esa umuman boshqa faoliyat turi bilan shugʻullanishi, 28 tasi oʻz faoliyatini toʻxtatganligi aniqlandi. Texnik chigitni qayta ishlash faoliyati bilan shugʻullangan 303 ta yogʻ-moy korxonasining 77 tasi paxta texnik chigitini qayta ishlash uchun belgilangan talablarga muvofiq faoliyat yuritayotganligi, 226 ta korxonalar faoliyati esa(35 tasida hech qanday texnologik uskuna yoʻq, 52 tasida faqat presslash uskunasi bor, 13 tasida ekstraksiyalash uskunasi yoʻq, 126 tasida texnologik sikllarning ikkitadan ortiq ayrim turlari mavjud) qarorda belgilangan talablarga muvofiq emasligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchilik va qonunbuzilishlar yuzasidan korxonalarga nisbatan jami 402 ta (45 ta ogohnoma, 350 ta koʻrsatma va 7 ta taqdimnoma) taʼsir choralari koʻrilib, 36 ta (sudlarga 23 ta, prokuratura organlariga 13 ta) yogʻ-moy korxonalariga oid toʻplangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Bundan tashqari, Inspeksiya tomonidan amalga oshirilgan hujjatli tahlil natijalari muqaddam farmon talablariga javob bermasligi aniqlangan 20 ta yogʻ-moy korxonalari texnik chigitni birjadan xarid qilmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilinganligi va toʻliq texnologik sikli mavjud boʻlmasada qayta ishlaganligi aniqlandi. Mazkur holatlari yuzasidan 20 ta korxonalarga oid toʻplangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga (8 tasi prokuraturaga, 8 tasi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga va 4 tasi sudlarga) kiritildi.
Qarorda belgilangan talablarga muvofiq faoliyat yuritmayotgan yogʻ-moy korxonalari haqidagi maʼlumotlar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-noyabrdagi 03/1-2355-sonli topshirigʻi hamda 2020-yil 1-dekabrdagi yigʻilish bayoni (roʻyxat raqami 03/1-3203, 2020-yil 2-dekabr) 6-bandiga asosan Respublika tovar xom-ashyo birjasiga yuborildi.
Bu amalga oshirilayotgan tadbirlar, tarkibida tabiiy zaharli modda - gossipol belgilangan meʼyorlardan ortiq boʻlgan paxta moyi ishlab chiqarilishini oldini olish va aholi salomatligi taʼminlash uchun qaratilgan boʻlib, chigitdan olinadigan tayyor mahsulotlarda gossipol moddasi miqdorini havfsiz darajaga tushirish uchun paxta texnik chigitini toʻliq texnologik siklda qayta ishlash talabi belgilangan.
Zero aholi salomatligi eng oliy va eng ustivor maqsaddir!