Ijtimoiy tarmoqlarda “1-sinfga borgan ayrim qizaloqlarga qop-qora ryukzaklar berildi” sarlavhali material tarqalgandi.

Unda Andijon va Fargʻona viloyatlarining bir nechta maktablarida birinchi sinf oʻquvchilari uchun Prezident sovgʻasi sifatida tarqatilgan maktab sumkalarida “GUCCI”, “FILA”, “NIKE” kabi xorijiy brendlar logotipidan foydalangani qayd etilgan edi.

Ushbu holat yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan oʻrganish olib borildi. Oʻrganish davomida Baliqchi tumanida faoliyat yurituvchi “H.P.O.” xususiy korxonasiga tegishli ishlab chiqarish obyektlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan xorijiy tovar belgilari, jumladan, “GUCCI”, “FILA”, “NIKE”, “ADIDAS”, “Hello Kitty” kabi kontrafakt oʻquvchilar sumkalarini ishlab chiqargani hamda “Oʻquv taʼlim-taʼminot” davlat muassasasining shartnomasiga asosan Andijon va Fargʻona viloyatidagi umumtaʼlim maktablarining 1-sinf oʻquvchilariga tarqatilgani aniqlandi.

Holat yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan “H.P.O” xususiy korxonasiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 177-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari boʻyicha Baliqchi tuman sudiga yuborildi. Sud qaroriga muvofiq huquqbuzarga BHMning 15 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, Adliya vazirligining tegishli taqdimnomasiga asosan 3974 ta kontrafakt oʻquvchilar sumkalari oʻquvchilardan qaytarib olinib, sifatli oʻquvchilar sumkalariga almashtirib berildi va bu kabi holatlar bartaraf etildi.