Xalqaro olimpiya qoʻmitasi saytining maʼlum qilishicha, sport jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Xitoyning ZKC kompaniyasi homiyligida oʻtkazilgan masofaviy xalqaro turnirda tashkilotchilarning taklifiga binoan Fransiya, AQSh, Kanada, Yaponiya, Angliya, Nigeriya kabi 15 ta ogʻir atletika sportida oʻz “soʻziga” ega mamlakat sportchilariga qatnashish ruxsat etilgan.
Eʼtiborlisi, kuchlilar safida hamyurtlarimiz ham ushbu nufuzli onlayn turnirda qatnashishga rasman taklif etildi.
Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi bosh kotibi Baxtiyor Abdukarimovning “Yangi Oʻzbekiston”ga maʼlum qilishicha, 4 oylik tanaffusdan keyin ilk bor oʻtkazilayotgan xalqaro musobaqa garchi onlayn tarzda tashkil etilayotgan boʻlsada undagi raqobatning kuchliligi sportchilarimizga yuksak masʼuliyat yukladi. Jahon chempionlari, olimpiada oʻyinlarining sovrindorlari bilan “koʻrinmas devor” ortida turib kurashishning oʻzi boʻlmaydi. Ochiq bahsda raqiblar bir-birini koʻrib, harakatlarini nazorat qilib turishadi. Bunday vaziyatda esa hammasi goʻyoki “koʻzlar bogʻlangan” holda kechadi.
Murosasiz bahslar yakuniga koʻra, ayollar oʻrtasida 76 hamda 81 kg vazn toifalarida Tursunoy Jabborova ishonchli harakat qildi va dast koʻtarishda ham, umumiy hisobda ham gʻolib boʻldi va birinchi oʻrinni egalladi.
73 kg vazn toifasidagi erkaklar bahsida Adhamjon Ergashev faxrli 2-oʻrinni, 102 kg vazn toifasidagi sportchimiz Farhodbek Sobirov, 109 kg.da esa Akbar Joʻrayev, 89 kg vazn toifasida Sarvarbek Zafarjonov oʻz vaznlarida birinchi pogʻonani band etdi.
Xalqaro olimpiya qoʻmitasining bevosita kuzatuvi ostida oʻtkazilgan ushbu musobaqalar bugungi global “oʻz-oʻzini yakkalash” davrida oʻtayotgani minglab yoshlarni jismoniy faollikka chorlash bilan birga, sportchi va murabbiylar uchun keyingi yil Tokioda oʻtkazilishi kutilayotgan yozgi Olimpiya oʻyinlari oldidan munosib tayyorgarlik vazifasini oʻtadi.
Toʻlqin ROʻZIYEV.