2021-yil 11-noyabrdan boshlab, Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida uyma-uy yurib, sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish jarayonlari amalga oshiriladi. Avval xabar berib oʻtganimizdek, 1-5-noyabr kunlari sinov tariqasida aholini onlayn roʻyxatga olish oʻtkazildi.

Mazkur 4 ta hududning onlayn roʻyxatdan oʻtmagan aholisi 11-25-noyabr kunlari roʻyxatga oluvchilar tomonidan uyma-uy yurib, qogʻoz va planshetlarda savolnomalarni toʻldirish orqali roʻyxatga olinadi.

Bu sinov jarayonlari respublikamizda 2023-yilda oʻtkaziladigan aholini roʻyxatga olishning asosiy tadbiriga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida oʻtkazilyapti, deb xabar beradi Davlat statistika qoʻmitasi matbuot xizmati.