O'zbekiston yoshlar forumi—2021 doirasida yoshlarning innovatsion g'oyalari va startap-loyihalarini qo'llab-quvvatlash dasturi — “Startap tashabbuslari” 5-davrining “Demo day” yakuniy tadbiri bo'lib o'tdi. Unda respublika bo'ylab 40 ta eng istiqbolli startap loyihalari o'z startaplarini rivojlantirish uchun tekin investitsiya sifatida pul mukofotlarini oldilar.
“Startap tashabbuslari” — bu yoshlar, xususan, oliy ta'lim muassasalari talabalari hamda kasb-hunar kollejlari va litseylari bitiruvchilarining innovatsion g'oyalari va startap loyihalarini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks dastur.
Qo'llab-quvvatlash dasturining 5-davrida ishtirok etish uchun arizalar onlayn qabul qilindi va kelib tushgan arizalar soni oldingi davrlariga nisbatan ancha ko'prok bo'ldi. Dasturda ishtirok etish uchun respublikaning barcha hududlaridan 905 ta ariza kelib tushdi, bu avvalgi davrga nisbatan 38 foizga ko'pdir. Loyihalarda ishtirok etayotgan yoshlarning umumiy soni jamoa a'zolarini hisobga olgan holda 1 972 nafarni tashkil etdi, shundan 559 nafari qizlardir.
Qabul qilingan arizalarni o'rganish asosida ekspertlar jamoasi 601 ta loyihani tanlab oldi va bu loyihalar bilan Zoom dasturi yordamida onlayn intervyu o'tkazildi.
Suhbat natijalariga ko'ra, Toshkent shahri va viloyatlardan 247 ta jamoa ta'lim dasturida qatnashish imkoniyatiga ega bo'ldi, unda ishtirokchilar startaplarni ishga tushirish asoslarini o'rgandilar, trekerlar (individual biznes-ustozlar) bilan muntazam ishladilar, malakali ekspertlar va muvaffaqiyatli tadbirkorlar mahorat darslari va maslahatlarida qatnashdilar va Accelerator.uz platformasi orqali loyihalarini takomillashtirishga muvaffaq bo'ldi.
92 ta jamoa aktseleratsiya dasturining final bosqichiga muvaffaqiyatli o'tdi va o'z loyihalarini mutaxassislarga onlayn tarzda taqdim etish imkoniyatiga ega bo'ldi. Mutaxassislar guruhi respublika bo'ylab 40 ta eng istiqbolli startap loyihalarini g'olib bo'lish uchun tanlab oldi.
G'oliblarga “Yoshlar—kelajagimiz” jamg'armasi tomonidan 1,0 milliard so'm, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “O'zbekistonda yoshlar bandligini ta'minlashga ko'maklashish” qo'shma loyihasi tomonidan esa 100 ming AQSH dollari miqdorida maqsadli grant mablag'lari ajratildi. Demo Day ma'ruzachilari, shuningdek, C-Space va Ground Zero kovorking markazlaridan bepul yo'llanmalar oldi.