Maʼlumki, abituriyentlarning oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun tegishli hujjatlarni onlayn topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID karta) maʼlumotlarini ABITUR elektron dasturiga kiritish talab etiladi.
Vazirlik 16 yoshga toʻlgan har bir bitiruvchi oʻz vaqtida pasport (ID karta) olishi zarurligini eslatib oʻtdi.
Ushbu jarayonda bitiruvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining elektron maʼlumotlar bazasi Bilim va malakalarni baholash agentligining ABITUR elektron dasturi bilan integratsiya qilingan.
Bugungi kunga qadar joriy oʻquv yilida maktablarni tamomlayotgan 400 mingdan ortiq oʻquvchining 16 yoshga toʻlgan 55 ming (14 foiz) nafari pasport (ID karta) olmaganligi sababli ularning maʼlumotlari elektron bazaga hozircha kiritilmagan.
"Hurmatli ota-onalar, aziz bitiruvchilar!
Farzandingizning konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, 16 yoshga toʻlgan farzandlaringizni oʻz vaqtida pasport (ID karta) olishini taʼminlashingizni, maktab maʼmuriyatidan esa bitiruvchilarning pasport (ID karta) maʼlumotlarini elektron bazaga kiritib, ularni kelgusida oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirishida zarur koʻmak berishingizni soʻraymiz" deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun: Pasport (ID karta) olish uchun hududiy ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlari va Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etishlari zarur.