Video-tasvirga koʻra, Koronavirus infeksiyasini Sirdaryo viloyati hududiga kirib kelishini oldini olish maqsadida Guliston shahar Doʻstlik mahallasining Xondamir koʻchasidan Guliston shahar markaziga oʻtish joyida vaqtinchalik tashkil etilgan karantin blok postida xizmat olib borayotgan Ichki ishlar organi xodimi video tasvirga olgan fuqaroning stikeri borligi haqidagi vajiga qaramay karantin blok postdan oʻtib ketishi uchun 2 (ikki) quti “KENT-6” nomli sigaret olib kelishini aytgan.
Fuqaro sigaret olib kelganidan soʻng karantin blok postga xizmatga jalb qilingan Milliy Gvardiya xodimi aytilgan sigaretlarni olib qolib, fuqaroni blok postdan oʻtib ketishiga ruxsat bergani holati aks etgan.
"Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, natijaga koʻra 3 nafar rahbar-xodimlarga nisbatan intizomiy chora qoʻllanildi. 1 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 1 nafar xodim esa Ichki ishlar organlaridan boʻshatildi.
Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida qonunchilik va xizmat intizomiga rioya etishlari boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilib, qatʼiy intizomiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi," deyiladi rasmiy bayonotda.