Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.
Maʼlumki, joriy yilning 1-fevralidan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilganiga 50-yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta roʻyxatdan oʻtkazish taqiqlangan edi. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti mazkur tartibga aniqlik kiritib, antikvar deb topilgan avtomobillar bundan mustasno ekanini maʼlum qildi.
Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasini raqamlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, antikvar avtotransport vositalari uchun ANT seriyali alohida davlat raqam belgilari joriy etiladi.
Qayd etilishicha, fuqarolar ushbu toifadagi avtomobillari uchun davlat raqam belgilarini olish maqsadida 1-fevraldan boshlab hududiy Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalarining roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmalariga murojaat qilishlari lozim.