500 million soʻmlik davlat xaridida qonunchilik talablari buzilganligi aniqlandi

    Mamlakatimizda 8 Avgust 2023 1063

    “Toshkent-donmahsulotlari” AJ buyurtmachiligida 2023-yil 23-iyun kuni “Yuk tashish xizmati koʻrsatish” yuzasidan oʻtkazilgan 500,0 mln soʻmlik davlat xaridida qator qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.

    Xususan, davlat xaridida ishtirok etgan ikki talabgorning hujjatlari xarid komissiyasi raisi va aʼzolari foydalangan qurilma (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan.

    Natijada Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning: 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi); 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi); 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilgan va boshqa qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

    Mazkur holatlar boʻyicha 2023-yil 6-iyul kuni xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va qonuniy chora koʻrish uchun toʻplangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.

    Agentlikning taqdimnomasiga binoan “Toshkent-donmahsulotlari” AJ tomonidan 24-iyul kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi, deya xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati.