55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida oʻquvchilarimiz 7 ta medalni qoʻlga kiritdi

    Ta'lim 26 Aprel 2021 3307

    2021-yil 20-26-aprel kunlari 28 ta davlat oʻquvchilari oʻrtasida 55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi onlayn tarzda oʻtkazildi. Oʻzbekiston sharafini mazkur olimpiadada 7 nafar oʻquvchi himoya qildi.

    Mazkur olimpiadada Avstriya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Isroil, Xorvatiya, Vengriya va boshqa mamlakat jamoalari bilan birga mamlakatimiz terma jamoasi ham ishtirok etdi. Xalqaro olimpiada Xalq taʼlimi vazirligining Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamenti tomonidan Toshkent shahri Yunusobod tumani 9-Axborot texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan maktabda oʻtkazildi va jarayonlar tashkiliy qoʻmita tomonidan jami 17 ta vebkamera va mikrofonlar orqali kuzatib borildi.

    Xalqaro olimpiada ikkita nazariya turda oʻtkazildi. Ilk bosqichda barcha ishtirokchilar 8 ta majburiy masala ishlagan boʻlsa (jami 80 ball), ikkinchi bosqichda kimyo fanining 5 boʻlimiga oid 15 masaladan ixtiyoriy 5 tasini ishlash talab qilindi (jami 75 ball). Ikki bosqich natijalariga koʻra gʻolib oʻquvchilar aniqlandi.

    Yakuniy natijalarga koʻra vatanimiz sharafini himoya qilgan oʻquvchilarimiz 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan taqdirlandi.

    Oʻtgan yilgi 54-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 5 ta bronza medalini qoʻlga kiritgan edi.

    Gʻolib ishtirokchilarga diplomlar va medallar hamda sovgʻa qilinadigan kitoblar tashkiliy qoʻmita tomonidan pochta orqali joʻnatiladi.

    Maʼlumot uchun: Bugungi kungacha Oʻzbekiston terma jamoasining hisobida 7 ta oltin, 20 ta kumush va 51 ta bronza medallari mavjud.

    55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida sovrindor oʻrinlarni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar

    Oltin medal – 1 ta

    Firdavs Sobirov – Buxoro shahar 35-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi.

    Kumush medal – 4 ta

    Azimjon Jamolov – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchisi;

    Sobirjon Amanov – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi oʻquvchisi;

    Nafisa Normurodova – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi oʻquvchisi;

    Durdona Muxtarxoʻjayeva – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchisi.

    Bronza medal – 2 ta

    Ikromiddin Boymahammadov – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchisi;

    Begzod Roʻziboyev – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi oʻquvchisi.