Shu munosabat bilan muddatidan ilgari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 6-Namangan saylov okrugida yig'ilish bo'ldi. Uni okrug saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turg'unov boshqardi. Saylov komissiyasi ish rejasini takomillashtirish, vazifalar taqsimotini qayta ko'rib chiqish va matbuot markazi faoliyatini yo'lga qo'yish kabi masalalar yig'ilish kun tartibidan o'rin oldi.
Dastlab saylov jarayonlarini umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga rioya qilgan holda, Saylov kodeksi talablari asosida uyushqoqlik bilan tashkil etishdagi ko'nikmalarni oshirish xususida so'z yuritildi. Saylov o'tkazuvchi okrug komissiyalari a'zolarining saylovga hozirlik ko'rish va uni o'tkazishdagi asosiy vazifalari belgilab berildi.
Yig'ilishda okrug komissiya raisi o'rinbosari, kotibi va komissiya a'zolari uchun a'zolik guvohnomalari topshirildi. Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi tavsiyasiga muvofiq, komissiya a'zolari 15 nafardan iborat, hammasi oliy ma'lumotli, huquqshunos, muhandis, iqtisodchi, pedagog, jurnalist va boshqa mutaxassisliklarga ega, 53 foizi xotin-qizlardir.
Shu kuni okrug saylov komissiyasi Matbuot markazi faoliyat boshladi va uning rahbari, xodimlari tarkibi tasdiqlandi. Ma'lumot uchun, 6-Namangan saylov okrugi Namangan shahri, Davlatobod tumanidagi viloyat madaniyat markazi binosida joylashgan va namunali sharoit yaratilgan.