6 oyda 12 milliard so'mdan ziyod mablag' iste'molchilar foydasiga hal etildi

    O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga 2021 yilning olti oyida fuqarolardan 6314 murojaat kelib tushgan bo'lib, ularning 3837 tasi og'zaki, 1640 tasi yozma, 837 tasi esa elektron shaklda yuborilgan.

    Bu haqda O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati xabarida aytilishicha, 837 ta elektron murojaatning 574 tasi “Prezidentga murojaat portali”, 174 tasi Yagona davlat interaktiv portali orqali Bosh prokuratura tomonidan belgilangan tartibda ko'rib chiqish uchun yo'llangan. 89 ta murojaat federatsiyaning virtual qabulxonasiga hamda Telegram ijtimoiy tarmog'ida tashkil etilgan @PotrebitelUz_bot manzili orqali yo'llangan.

    Murojaatlarning 5937 tasi, ya'ni 94 foizi ijobiy hal etilishi natijasida iste'molchilar foydasiga jami 12 millird 166 million 168 ming 672 so'm etkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.

    Jumladan, 32 ta murojaat asosida iste'molchilarning manfaatlarini ko'zlab sud organlariga da'vo arizalari kiritilishi va ijobiy hal etilishi natijasida 1 milliard 314 million 651 ming 898 so'm moddiy va ma'naviy zararlar iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

    Bundan tashqari, federatsiya va uning hududiy ijro organlari tomonidan, iste'molchilardan tushgan jami 34 ta murojaat yuzasidan ularning qonuniy manfaatlarini ko'zlab, nazorat organlariga tegishli murojaatlar yo'llanib, ijobiy hal etilishi natijasida iste'molchilar foydasiga 15 million 400 ming so'm mablag' qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.

    Hisobot davrida iste'molchilar tomonidan qilingan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda, murojaatlarning 2414 tasi (38,2 foiz) savdo sohasiga, 803 tasi (12,7 foiz) gaz ta'minoti sohasiga, 673 tasi (10,7 foiz) elektr ta'minoti sohasiga, 432 tasi (6,8 foiz) xizmat ko'rsatish (servis) sohasiga, 326 tasi (5,2 foiz) suv ta'minoti sohasiga, 226 tasi (3,6 foiz) kommunal xizmat sohasiga, 194 tasi (3,1 foiz) aloqa (va internet) sohasiga, 134 tasi (2,1 foiz) transport sohasiga, 70 tasi (1,1 foiz) sog'liqni saqlash sohasiga, 1042 tasi (11,2 foiz) esa boshqa sohalarga to'g'ri kelishini ko'rishimiz mumkin.

    Federatsiya tizimida tashkil qilingan “1091” qisqa raqamli ishonch telefoni orqali jami 1750 ta murojaat kelib tushgan bo'lib, ushbu murojaatlarning qonunchilikda belgilangan tartibda ko'rib chiqilishi natijasida 1664 tasi ijobiy hal etilishiga erishildi.

    Mazkur ijobiy hal qilingan murojaatlar natijasida 1 milliard 985 million 138 ming 782 so'm mablag' iste'molchilar foydasiga undirilgan.