Matbuot anjumanida O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2025-yil davomida amalga oshirgan faoliyati yuzasidan batafsil hisobot taqdim etildi hamda joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, Federatsiya mas’ullari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillariga iste’molchi huquqlari tushunchasining mazmun-mohiyati, mazkur huquqlarning milliy va xalqaro darajada e’tirof etilgani, mahsulot va xizmatlar xavfsizligi hamda belgilangan standartlar haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining jamiyat hayotidagi o‘rni sezilarli darajada oshib bormoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi PF–5430-son Farmoni hamda 2021-yil 4-martdagi PF–6181-son Farmoni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-noyabrdagi 414-son qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida faoliyat yuritib kelmoqda.
Bugungi kunda Federatsiya tizimida 14 ta hududiy birlashma va 208 ta tuman (shahar) jamiyatlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Tashkilot tizimida 1216 nafar xodim mehnat qiladi. Shuningdek, korxona va tashkilotlarda 1354 ta tayanch guruh faoliyat yuritib, ularning a’zolari soni 4 milliondan ortiqni tashkil etadi.
Iste’molchilar murojaatlarini qabul qilish maqsadida 2015-yildan buyon “1091” qisqa raqamli ishonch telefoni, istemol.uz saytidagi virtual qabulxona hamda PotrebitelUz_bot telegram boti orqali murojaatlar qabul qilib kelinmoqda.
So‘nggi yillarda Federatsiyaga 138 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 94 foizi ijobiy hal etilgan. Natijada iste’molchilar foydasiga 326,5 milliard so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilingan. Shuningdek, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida 1833 ta da’vo arizasi sudlarga kiritilib, sud qarorlari asosida 70,9 milliard so‘m mablag‘ undirilgan. Nazorat organlari orqali esa 1636 ta murojaat asosida 879,8 million so‘m zarar iste’molchilar foydasiga qoplab berilgan.
Aholi o‘rtasida iste’mol madaniyatini oshirish maqsadida Federatsiya muassisligida “Iste’mol madaniyati” gazetasi nashr etilmoqda. Shuningdek, “Iste’molchilar uyi” loyihasi doirasida hududlarda zamonaviy markazlar barpo etilmoqda.
Bugungi kunda Federatsiya 14 ta hududiy birlashma va 208 ta tuman (shahar) jamiyatini birlashtirgan holda 4,4 milliondan ortiq a’zoni qamrab olgan yirik fuqarolik jamiyati instituti sifatida faoliyat yuritmoqda. “Iste’molchilar uyi” va “Iste’molchi kutubxonasi” loyihalari doirasida qator hududlarda yangi binolar foydalanishga topshirildi va yana o‘nlab hududlarda qurilish ishlari davom etmoqda.
Federatsiya xalqaro maydonda ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, 2018-yildan buyon Consumers International tashkilotining to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. 2025-yilda BMTning UNCTAD tomonidan o‘tkazilgan 9-konferensiyada ishtirok etildi hamda Jahon savdo tashkiloti (WTO) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, global savdo jarayonlarida iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Belarus, Xitoy va Qozog‘iston iste’molchilar tashkilotlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanib, transchegaraviy murojaatlarni ko‘rib chiqish, elektron savdoni rivojlantirish va mediatsiya mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Matbuot anjumani davomida tadbir juda ham qizg‘in bahs va munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, kommunal xizmatlar, onlayn xaridlar bilan bog‘liq muammolar hamda ularni hal etish yo‘llari yuzasidan bir qator savollar berildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, ijrochi direktor Jamshid Hamroyev iste’molchilar huquqlarini himoya qilish faqatgina tashkilotlar emas, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyati ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hukumat tomonidan ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilingan bo‘lib, ularning amalda samarali tatbiq etilishida fuqarolarning o‘z huquq va majburiyatlarini bilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, jurnalistlar bilan hamkorlikda matbuot monitoringlarini yanada samarali tashkil etish, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish va turli vazirlik va idoralar bilan imzolangan memorandumlar doirasida qo‘shma tadbirlarni kengaytirish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
Matbuot anjumani doirasida 15-mart – Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni munosabati bilan Federatsiya tomonidan bir guruh xodimlarga “Iste’molchilar huquqi himoyachisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Tadbir yakunida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlari, raqamli platformalar orqali murojaatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish, elektron savdo sharoitida iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash, sudgacha nizolarni hal etish institutlarini rivojlantirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Lobar Boboxonova