Aholi murojaatlari bilan ishlash bevosita sifatli xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq. Bu esa har bir murojaatga aloqador tashkilot va muassasalarga katta masʼuliyat yuklaydi. Chunki murojaatlarni koʻrib chiqishning markazlashgan tizimi har bir masalani belgilangan vaqt ichida koʻrib chiqishni taqozo etadi.
Boshqarmaning Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishi ustidan nazorat qilish boʻlimi boshligʻi S. Davronov ishtirokida boʻlib oʻtgan ochiq muloqot chogʻida jismoniy va yuridik shaxslarga sifatli, shaffof va qulay davlat xizmatlari koʻrsatish, murojaatlar ijrosini taʼminlash boʻyicha oldinda turgan vazifalar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Taʼkidlanishicha, boʻlim tomonidan olib borilgan oʻrganishlar, monitoringlar natijasida joriy yilning 6 oyi davomida davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida 5 099 ta qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan.
— Shundan, 4 663 ta holatda davlat xizmatlari koʻrsatish muddatlari buzilgan, — deydi S.Davronov. — 29 ta holatda toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xizmatlari koʻrsatilgan, 91 ta holatda ortiqcha hujjat talab qilib olingan, 203 ta holatda murojaatlar asossiz rad etilgan va 113 ta holatda boshqa qonunbuzilishlariga yoʻl qoʻyilgan. Ushbu holatlar boʻyicha vakolatli idoralarning rahbarlari nomiga 27 ta taqdimnoma va 315 ta ogohnomalar kiritildi. Shuningdek, 143 nafar aybdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar rasmiylashtirilib, 82 nafarining intizomiy javobgarlikka tortilishi taʼminlandi. 9 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Agar buni sohalar kesimida tahlil qilinadigan boʻlsa, eng koʻp qonunbuzilish hollari asosan Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari tomonidan sodir etilgan boʻlib, 6 oy davomida 1 364 ta murojaatga befarqlik bilan qaralgan. “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ va uning filiallari 913 ta, Davlat soliq idoralari 488 ta, sogʻliqni saqlash muassasalari 497 ta, qurilish va arxitektura idoralari 258 ta, “Oʻzbekenergo” AJ 254 ta, “Oʻztransgaz” AK 244 ta va tuman (shahar) hokimliklari 133 ta, IIB idoralari 78 ta hamda Samarqand viloyat madaniy meros boshqarmasi 67 ta qonunbuzilish hollariga yoʻl qoʻygan.
Ochiq muloqotda murojaatlarni koʻrib chiqishda yoʻl qoʻyilayotgan qonunbuzilish holatlariga olib kelayotgan omillar muhokama qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, davlat xizmatlari koʻrsatishda masʼul boʻlgan vakolatli organ vakillarining taklif va muammolari shu joyning oʻzida oʻrganildi. Ularga mazkur masalalar boʻyicha yoʻnalish va tavsiyalar, shuningdek, jurnalistlardan kelib tushgan savollarga javoblar berildi, deb xabar beradi DXA Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.