Maktabgacha taʼlim, Sportni rivojlantirish vazirliklari, Velosport federatsiyasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan velomarafon tadbirida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.Norboyeva, sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov, viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.
Sportni rivojlantirish vazirligi xabariga koʻra, Samarqand shahar MTMlarining 6 yoshdagi 120 nafar ishtirokchisi shaharning Alisher Navoiy koʻchasi boʻylab harakatlandi.
Eslatib oʻtamiz, huddi shunday velomarafon oʻtgan yili Toshkent shahrida oʻtkazilgan edi.
2021-yilda maktabgacha taʼlim tizimiga ekologik taʼlim-tarbiya hamda bolalar uchun begovel haydash metodikasini joriy etish boʻyicha loyiha ishga tushirildi. Bu esa maktabgacha yoshdagi bolalarning ekologik taʼlim va begovel haydash texnikasi boʻyicha bilimlarini oshirish imkonini berdi. Buning uchun 13 ta pilot davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti 400 ta begovel bilan taʼminlandi. Joriy yilda esa, loyiha doirasida 20 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tanlab olinib, ularga 500 ta begovel taqdim etildi.
Bolalar velomarafonining asosiy maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil transport turidan foydalanish sohasida barqaror koʻnikmalarni rivojlantirish, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar oʻrtasida velosportni ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va madaniyatini oshirish, yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga oʻrgatishdan iborat.
Velomarafonda ishtirok etgan bolalar medallar va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.