Murojaat qilgan isteʼmolchining hisobidan Mirzo Ulugʻbek nomidagi “Central Park”ka kirish uchun xarid qilingan kartadan 60 ming soʻm pul mablagʻi ogohlantirishsiz yechib olingan.
Oʻrganish natijalariga koʻra, 2018-yildan buyon “Jet Invest” MCHJ QK tomonidan 130 000 ta isteʼmolchilarga bogʻda foydalanish kartalari rasmiylashtirib berilgan.
Amal qilish muddati oʻtgan 18 291 ta maxsus kartalarda isteʼmolchilarning hisob raqamlarida 335 610 000 soʻm mavjud ekanligi haqida maʼlumot berib oʻtilgan. Park maʼmuriyati taʼkidlashicha, pandemiya davrida istirohat bogʻining faoliyatni amalga oshirmaganligi bunga sabab boʻlgan.
Agentlikning koʻrsatmasiga asosan bugungi kunga qadar mazkur istirohat bogʻi tomonidan 643 ta isteʼmolchilarga 14 872 400 soʻm mablagʻ qaytarildi.